Oq otdagi “shahzoda”. Kim Chen Inning “g‘alabalari” haqida film olindi
Olam
−
02 fevral 2022
8757Shimoliy Koreyada kecha, 1 fevral kuni mamlakat yetakchisi Kim Chen In “tarixdagi eng qiyin sinovdan” o‘tgani haqida hujjatli film namoyish etildi. Film mualliflari koronavirus pandemiyasi, shuningdek, yadro quroli tufayli G‘arb davlatlari KXDRga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarni nazarda tutmoqda.
“Buyuk g‘alaba yili – 2021” deb nomlangan 110 daqiqalik film Shimoliy Koreyaning yil davomida erishgan asosiy yutuqlari, jumladan ballistik raketalarni yaratish va hukumatning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari haqida hikoya qiladi.
Filmda yangi 80 qavatli osmono‘par bino va katta turar-joy hududining qisqa kadrlari mavjud. Bundan tashqari, hujjatli filmga Shimoliy Koreyaning raketa sinovlari va 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan qurol-yarog‘ ko‘rgazmasidan kadrlar kiritilgan.
Kadr ortidagi ovoz Shimoliy Koreya yetakchisining harakatlarini olqishlab, ularni “g‘alaba” deb ataydi. Biroq, avvalgi hujjatli filmlarga qaraganda, yangi filmda Kim Chen In biroz ozg‘inroq ko‘rinadi. Filmda KXDR yetakchisining ozganiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilinmagan, biroq 2021 yil oktyabr oyida Janubiy Koreya razvedkasi Kim Chen In 20 kilogrammga ozganini ma’lum qilgan edi.
“Ushbu video uning insoniyligini ko‘rsatdi, chunki u o‘zini butunlay odamlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga bag‘ishlagan”, deyiladi hujjatli filmda.
Epizodlardan birida Kim Chen In yomg‘ir suvi bosgan qurilish maydonchasiga tashrif buyurib, yasama zinapoyadan tushishda qiynalayotgani ko‘rinadi. Shuningdek, filmda Shimoliy Koreya yetakchisining sohilda oq ot minib, quyosh chiqishini tomosha qilayotgani aks etgan kadrlar ham bor.
Film mualliflari Shimoliy Koreya aholisi oziq-ovqat taqchilligi tufayli duch kelayotgan qiyinchiliklarni deyarli tilga olmagan. 2021 yil oktyabr oyida KXDR yetakchisi o‘z chiqishlaridan birida mamlakat aholisini kamroq ovqatlanishga chaqirgan, biroq dekabr oyida u Shimoliy Koreyaning hukmron partiyasi besh yillik iqtisodiy rejani amalga oshirishda ma’lum yutuqlarga erishganini, ammo ba’zi qiyinchiliklar hali ham saqlanib qolayotganini aytgan.
LiveBarchasi