Oilaviy bolalar uyi tashkil qilganlarga byudjetdan pul ajratiladi
Jamiyat
−
05 avgust 2022
7606Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining kecha, 4 avgust kuni qabul qilingan “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan:
• oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni (tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimi qarori asosida tashkil etiladi;
• oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
• oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
• oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan amalga oshiriladi;
• oilaviy bolalar uyini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazalaridan olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.
2022 yil 1 sentyabrdan:
oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat byudjetidan:
• oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga BHMning 5 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha tarbiyalanuvchilarga BHMning 7 baravari (2,1 mln so‘m) miqdorida;
• oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari – 920 ming so‘m, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari – 1 mln 380 ming so‘m miqdorida;
• oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida mablag‘ ajratiladi;
• oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi;
• oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi;
oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun:
• O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi;
• tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;
• oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi;
• oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.
LiveBarchasi