Og‘ir kunimizda ham birgamiz, Xudo xohlasa to‘ylarimizda ham birga bo‘lamiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
03 may 2020
5874Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 may kuni “Sardoba” suv omborida yuz bergan toshqin oqibatida yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etish ishlari bilan tanishib, Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahallasini borib ko‘rdi. Davlat rahbari ushbu mahallada joylashgan xonadonlardan birida bo‘lib, aholi vakillari bilan muloqot qildi.
“Uch kundan beri hammamiz bezovtalikka tushib qoldik, boshimizga shunday katta kulfat keldi. Albatta, buni hali ko‘p-ko‘p tahlilini qilamiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z gaplarini aytadi, barcha choralarni ko‘ramiz.
Ko‘rib turibsizlarki, sizlar bir o‘zingiz emassiz. Yashash sharoitlaringizni to‘g‘rilamagunimizcha, sizlarni tashlab ketmaymiz. Elektr, gaz, uy, ko‘rpacha, televizor – hammasini inobatga olamiz. Bir kunning ichida askarlarimiz, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar xodimlari keldi. Bu nimaga qodir ekanimizni ko‘rsatadi. Sabr-toqat bilan ikki-uch kunda bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Kayfiyatni yaxshi qilinglar.
Bu – bir ko‘rgulik. Tashvish o‘z yo‘liga, lekin aql va tezkorlik bilan bularni tozalab olishimiz kerak. O‘zim ham ikki-uch kundan beri shu yerdaman. Bir narsani bilinglarki, toki xonadonlaringizni saranjom qilib, ko‘plaringizni yangi uylarga ko‘chirmaguncha men tinchimayman. Bilinglarki, o‘zim ham sizlardek, butun jamoam bilan shunday yashaymiz. Og‘ir kunimizda ham birgamiz, Xudo xohlasa to‘ylarimizda ham birga bo‘lamiz.
Bir yomonlikning bir yaxshiligi ham bor. Yaxshiligiki – yangi shahar, yangi tuman, yangi ko‘cha, yangi mahalla, yangi obod qishloq quramiz. Sizlar tinch — men tinch, sizlar borki men borman”, deydi davlat rahbari.