Odamlar nega O‘zgidrometning ob-havo ma’lumotiga ishonmaydi?

Intervyu

Yozda bizni qanday issiq kutyapti? north_east

Yozda bizni qanday issiq kutyapti?

O‘zbekistonda yoz oylarida ko‘pincha ko‘chalardagi termometrlar 50-60 darajani ko‘rsatayotgani aks etgan suratlar tarqalib, aholi orasida vahimaga sabab bo‘ldi. Bu o‘z navbatida ob-havo haqida axborot beruvchi sinoptiklarga ishonchsizlikni shakllantiradi.

Ammo havo haroratini o‘lchashning ham o‘z yo‘l yo‘riqlari bor va bu termometrni oftobga olib chiqib qo‘yish bilan cheklanmaydi.

QALAMPIR.UZ joriy yilda yozda kutilayotgan ob-havo yuzasidan Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi Ulug‘bek Shermuhamedov bilan suhbat uyushtirgandi. Suhbat davomida mutaxassis odamlarning ob-havo ma’lumotiga ishonchsiz qarashi masalasida fikr bildirib o‘tgandi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist.: — Nima uchun “O‘zgidromet”ning ob-havo ma’lumotlariga ishonchsizlik bor?

Ulug‘bek Shermuhamedov, sinoptik: — Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda sinoptiklarning prognozlariga shubha bilan qarash ko‘p kuzatiladi. Sinoptiklar va ob havoni prognoz qiluvchilar haqida askiyalar, latifalar bor. Bu butun dunyoda tarqalgan narsa, faqat O‘zbekistonda emas. Buni sabablari bilan qiziqadigan bo‘lsak, bunga uchta sabab bor:

Birinchidan, hamma joyda har xil lekin, bizda ko‘proq. Odamlar prognoz nimaligini noto‘g‘ri tushunadi. Masalan, ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi deyilsa, bo‘ldi yomg‘ir yog‘mas ekan degani emas. Biz barcha bor ma’lumotlarni analiz qilamiz, barcha metodlardan foydalanib ertangi kun uchun umumiy xulosalar chiqaramiz. Bu xulosalar natijasida qaysi hududda qanday harorat, qanday yog‘ingarchilik bo‘lishi yoki bo‘lmasligini aytamiz. Masalan havo oqimlarini yo‘nalishi. Xaritadan qarasa bir foiz o‘zgarish ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, Toshkentda yog‘ingarchilik bo‘lishini shu hal qiladi. Havo oqimining boshqa yo‘nalishga ketishi 70 foiz, bu yo‘nalishga ketishi 30 foiz. Biz mana shu 70 foizga tayanib turib aytamizki, bizda yog‘ingarchilik bo‘ladi yoki bo‘lmaydi.

Prognozni to‘g‘ri tushunish kerak. Boshqa mamlakatlarda bu borada juda ko‘p tushuntirish ishlari olib boriladi. Masalan, Rossiyada prognoz oluvchilarga tushuntiriladi: “Bizning prognozlar mana shunday ma’lumotlarga asoslangan, harorat 36-38 bo‘lishi mumkin bo‘lsa aynan 36 yoki 38 bo‘ladi degani emas. Harorat shu ikki raqam orasida bo‘ladi” deb tushuntiriladi. Bashorat qilinayotgan kun qanchalik yaqin bo‘lsa, aniqligi yuqori bo‘ladi. Lekin jarayon qiyin. Ayniqsa bahor paytlarida tez kechadigan jarayon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, jarayoni qiyinligi va intensivligiga qarab prognozlar aniqroq yoki ehtimolligi pastroq bo‘lishi mumkin. Prognozlarni oddiy odamlar tushunadigan terminlar asosida tushuntirishga harakat qilinadi.

F.N.: — Ko‘p hollarda televideniye va radio orqali ob-havo aytiladi. Toshkent shahrida 38-40 daraja issiq bo‘ladi deyildi. Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda harorat 51 darajagacha ko‘tarilganini ko‘rdik. O‘sha kuni maksimum 45 daraja deyilgan edi. Bu holatni qanaqa baholash mumkin.

U.Sh.: — Demak, 40-45 deb prognoz berishimiz... Bu termometrda o‘lchanadigan narsani prognoz qilishimiz kerak. Bizni termometr soyada turibdi. Buni o‘zini sabablari bor. Termometr havo haroratini o‘lchashi kerak, o‘zining haroratini emas. Quyosh tagida turadigan bo‘lsa o‘zining tagidagi temir kolbasi qiziydi va u o‘zining haroratini o‘lchaydi. U narsa qiziq emasku. Mashinani harorati boshqa, uning atrofidagi harorat boshqa. Bizda “butka”si bor. Butkani havo kirib turadigan maxsus joylari bor. Uning ichidagi havo atrofdagi havo bilan bir xil. Soyada turgani sababi mana shu havo haroratini ob’ektiv o‘lchash uchun.

Agar quyoshni tagida bo‘lsa, o‘zini haroratini o‘lchab yotaveradi. O‘lchash ishlari mana shunday maxsus standartlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Butun dunyoda ishlar mana shunday ko‘rinishda olib boriladi. Nima uchun? Harorat bizda o‘lchanadimi, Angliyada o‘lchanadimi yoki Amerikada o‘lchanadimi farqi yo‘q, hamma joyda bir xil standart bir xil metod orqali o‘lchansa, ana shunda butun dunyodagi ma’lumot assimilyatsiya qilinib prognoz uchun ishlatiladi.

Agar hamma joyda bir xil standart bilan o‘lchansa, ertaga kompyuterga kiritilayotganda ham uning ustida ortiqcha noaniqlik degan narsa bo‘lmaydi. Shuning uchun hamma joyda bir xil standartda o‘lchanadi.

Yana bir sababi, bu prognozni o‘ziga tegishli. Bugungi kunda ilm-fanning taraqqiyoti juda ham oldinga chiqib ketdi. Lekin, shunga qaramasdan, tabiat shunday murakkabki, biz uni to‘liq yorita bera oladigan model ishlab chiqolmaymiz. Unaqa model yo‘q. Bizni tabiat haqidagi bilimlarimiz yetarli emas. Shuning uchun, har doim qandaydir noaniqlik bo‘ladi. Har qanday biz kiritayotgan prognoz matematikasida, fizikasida qandaydir kamchilik bo‘ladi. Biz bilmaymiz. Mana shuni hisobiga boshida ko‘zimizga ozgina bo‘lib ko‘ringan noaniqlik ikki soatdan so‘ng 5 foiz xatolik beradi, 4 soatdan so‘ng 10 foiz xatolik beradi. Vaqt o‘tishi bilan mana shu xatolik oshib boraveradi. Masalan, 7 kundan keyin berayotgan prognozimiz 50/50 bo‘lishi mumkin.

Buni sababi, u yoki bu odamning yomonligida emas. Buning sababi bilimlarimiz yetarli bo‘lmaganida. Metodlarimiz mukammal emas. Shuning uchun prognozlarimiz kamchiliklarga ega.

Shuningdek, agar statistikani ko‘radigan bo‘lsak, yomg‘ir yog‘adi, yog‘maydi, harorat bunday bo‘ladi yoki unday bo‘ladi deb prognoz beriladi. Birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlarni nazarda tutyapman, 90 foiz hollarda prognozimiz to‘g‘ri chiqadi. Lekin, odamlarni esida aynan o‘xshamagan, to‘g‘ri kelmagan holatlar qoladi. Eski kitoblarda ko‘rgan edim. Unda bunday yozilgan edi: “Har bir sinoptik bilishi kerak, har qancha yaxshi bo‘lishingdan qat’iy nazar odamlar qilgan bitta xatongni uzoq vaqt eslab yuradi”. Mana hozirgacha bu narsa aktual.

Keyin, yana bir narsani hisobga olish kerak. Toshkent katta joy. Biz yomg‘ir prognozini beramiz, Yunusobodda yog‘adi, Chilonzorda yog‘maydi. Chilonzorda turgan odam nima deydi, “aldadi” deydi. Yunusoboddagi, “ha, mayli to‘g‘ri chiqibdi” deydi. Yunusoboddagini esidan chiqadi, Chilonzordagini esida qoladi. Shuning uchun, bu yerda ko‘p faktorlar bor. Men sizga asosiy sababini ko‘rsatib o‘tdim.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing