Odamlar qonunning kuchiga ishonmaydi – Kaniza (video)
Madaniyat-san’at
−
17 iyul 2023
19018Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Kanizaning prezident chiqargan ayrim qarorlar kuchga kirmagani, uni ba’zi mas’ul xodimlar nazarga ilmayotgani haqida gapirgan videosi tarqaldi. Unda Kaniza Prezident qarorining shaxsni haqorat qilganlik uchun jazo qismi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 140-moddasi) ishlamayotganini aytgan.
Gap shundaki, Instagram foydalanuvchilaridan biri xonandani doimiy ravishda haqorat qilib kelgan. Kaniza esa uning ustidan Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga naq uch marotaba arz qilgan. Biroq mas’ul shaxs tomonidan bu holatga chora ko‘rilmagan.
“U odamning viloyatdan yetib kelishga puli yo‘q ekan, mening ham borib, olib kelishga benzin uchun pulim yo‘q. Istasangiz, manzilini beraman. O‘zingiz borib, olib kelib bering, deb ustimdan kuldi. Qani, biron marta rasmiy qog‘oz jo‘natib, “sen chaqirtirilyapsan”, degan narsalar qilingani yo‘q”, degan xonanda.
Kanizaning Sevara ismli ma’muri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchi shaxs Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi.
“Nima uchun xalq orasida “somasud” holatlari ko‘payyapti? Chunki ular qonunning kuchiga ishonmaydi. Ular o‘z haqini borib, o‘zlari talab qilib oladi. Buyoqda qonunlar shunchaki chiqariladi, lekin ishlamaydi. Nima uchun bu qonunlar chiqariladi? Fuqarolar uchunmi? Nima uchun kuchga kirmaydi? Hatto “O‘zbekkonsert” boshlig‘i bir marta sizni haqorat qilishsa, bizga keling, sizni himoya qilib beramiz, degan edi. Murojaat qilgandim, sado ham chiqmadi. Agar o‘sha mas’ul xodimlar masxarabozlik qilmasdan, hiringlamasdan, prezidentimiz chiqargan qarorlarga jiddiyroq qarasa, xalqning orasida qonunga bo‘lgan ishonch ko‘payarmidi, “samosud”lar kamayarmidi, demokratiya kuchyarmidi!” degan Kaniza videoda.
Ma’murning so‘zlariga ko‘ra, ushbu murojaatdan so‘ng, ish ko‘rib chiqila boshlangan va sudga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 140-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishga sabab bo‘ladi.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi