Odam o‘g‘irlash, reket masalalari eng katta muammolarimizdan biri edi – Zokirjon Almatov
Jamiyat
−
04 Sentabr 2021
15408O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, dastlabki yillar juda og‘ir o‘tgan. Ushbu davrda ichki ishlar idoralariga ishonchsizlik va qo‘rquv mamlakatda jinoyatchilik keng ildiz otib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov IIV Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan “30 yil – Vatan osoyishtaligi yo‘lida” nomli filmda so‘zlab bergan.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Ichki ishlar tizimida vazir maslahatchisi hisoblangan Zokirjon Almatov 1991–2006 yillarda ushbu tizimga rahbarlik qilgan va 90-yillardagi muammolarning bevosita guvohi bo‘lgan.
“Mustaqillikning ilk yillarida juda og‘ir vaziyatlarga tushgan paytlarimizni ham eslaymiz. Ana shunday og‘ir vaziyatlardan qanday qilib chiqqanimizni ham eslatib o‘tmoqchiman.
O‘sha paytlar xalqimizning sud-huquq tizimiga, ichki ishlar idoralariga ishonchsizligi, qo‘rquv mamlakatimizda jinoyatchilik keng ildiz otib ketishiga sabab bo‘ldi. Uyushgan jinoyatchilik avjiga chiqdi. Bir kunda 40-50 tagacha bosqinchilik, talonchilik holatlari bo‘lgan. Odam o‘g‘irlash, reket masalalari eng katta muammolarimizdan biri edi. Ichki ishlar idoralariga ham ishonchsizlik juda yuqori bo‘lgan”, deydi Zokirjon Almatov.
Ta’kidlanishicha, ma’lum bir tayyorgarlikdan keyin 1992 yil I choragining o‘zida uyushgan jinoyatchilikka qarshi qaqshatqich zarbalar berilgan. Reket degan narsalar tugatilgan. Jinoyat olamining obro‘li shaxslari javobgarlikka tortilgan. Ushbu qing‘ir yo‘ldan qaytganlarga amnistiya e’lon qilinib, ularga ishlash, yashashi uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisining ta’kidlashicha, mustaqillikning ilk yillarida yuqorida qayd etilgan muammolardan tashqari oziq-ovqat yetishmovchiligi ham kelib chiqqan.
“Shu bilan birgalikda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kela boshladi. Mustaqilligimizning ilk yillarida 10 kunga yetar-yetmas oziq-ovqat, ya’ni un, bug‘doy qolgandi. Chet davlatlardan zudlik bilan bug‘doy va un mahsulotlarini olib kelib, mamlakatimiz zaxiralarini to‘ldirishga harakat qilganmiz. Ana shu vazifani sidqidildan bajardik, deb ishonch bilan aytsam bo‘ladi.
70 yil mobaynida sovet ittifoqining tarkibida bo‘lib, Allohni qalbimizdan chiqarishga bo‘lgan xatti-harakatlar bekor ekanini anglab yetdik. Allohga bo‘lgan e’tiqod xalqimizning qalbida juda chuqur ildiz otganining shunda guvohi bo‘lganman”, deydi Almatov.
LiveBarchasi