Ochlikdan o‘layotgan G‘azo bolalari uchun ilk yordam yuklari yetib bordi

Olam

image

Kecha, 20 may kuni 11 haftalik to‘liq blokadadan so‘ng ochlik iskanjasida qolgan G‘azo bolalari va aholisi uchun birinchi yordam yuklari yetib bordi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

Ushbu yordamlar orasida un, dori-darmon, bolalar ovqati va boshqa zarur mahsulotlar bor. Bu jarayon Isroil hukumatining BMTga yordam yetkazishni cheklangan hajmda tiklash iltimosi bilan murojaat qilganidan so‘ng boshlangan.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) vakillari yordam yuklarini Karem-Shalom nazorat punktidan G‘azoga jo‘natgan. Ularning aytishicha, bu ijobiy qadam bo‘lsa-da, mavjud muammolar fonida bu faqat “dengizdan bir tomchi”.

BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Fletcher Isroilni anklavning janubida va shimolida gumanitar yuklarni tashish uchun boshqa chegara o‘tish joylarini ochishga chaqirgan. Dastlab Isroil G‘azoga faqat 9 ta gumanitar yordam uchun kirishni ma’qullagan. Ammo keyinchalik BMT anklavga yana 100 ta yuk mashinasini kiritish uchun ruxsat olgan.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga ko‘ra, hududda joylashgan shifoxona Isroil hujumi ostida qolgan, oqibatda elektr generatorlar zarar ko‘rgan va shifoxona vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Shu vaqtda binoda 55 kishi, jumladan bemorlar va tibbiy xodimlar bo‘lgan.

Yana bir xabarga ko‘ra, Isroil harbiylari Nuseyrat hududidagi maktabga aviazarba bergan. Hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, bir nechta odam yaralangan. Qurbonlar orasida BMTning BAPOR tashkilotida ishlovchi ikki o‘qituvchi ham bor. Umuman, G‘azodagi bu tashkilot xodimlaridan 300 dan ortig‘i halok bo‘lgan.

Isroil qo‘mondonligi yana 26 hududdagi aholini ko‘chirishni buyurgan. Bu hududlar G‘azoning shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, sektorning 10 foizini tashkil etadi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning 15 may kunidan beri G‘azoning janubida 57 mingdan ortiq odam ko‘chirilgan. Shimolda esa bu raqam 81 ming kishiga yetgan.

Qolaversa, hududda yoqilg‘i tanqisligi tufayli ichimlik suvi va sanitariya inshootlari ishlamayapti. Ayniqsa, shimoliy hududlarda butunlay yoqilg‘i qolmagan. O‘tgan hafta faqat zaruriy haftalik zaxiraning yarmi yetkazilgan. Oqibatda quduqlarning ishlash vaqti qisqargan, ularning to‘liq to‘xtashi ehtimoli juda yuqori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Fletcher G‘azo sektoriga o‘z vaqtida insonparvarlik yordami yetkazilmasa, ikki kun ichida 14 ming chaqaloq halok bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing