OCHL O‘zbekistonda jonli ko‘rsatilmaydi – sport dayjesti

Sport

Keksalikni tan olmaydigan Chusovitina yana oltin medalga ega chiqdi, vanihoyat Shohjahon Ergashevning chempionlik jangi qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi, AQSH va Meksikaga qarshi o‘ynaydigan O‘zbekiston terma jamoasida muammoli holat yuzaga keldi. O‘zbekistonda Osiyo Chempionlar ligasi bahslarining translyatsiya qilinishi hamon so‘roq ostida qolmoqda. “El Capitano” sobiq klubiga qaytdi. Assalomu alaykum. Ortda qolayotgan haftaning eng muhim sport xabarlari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Chusovitina yana g‘olib

O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Turkiyaning Mersin shahrida bo‘lib o‘tgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chellenj kubogi seriyasiga kiruvchi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi

3 sentyabr kuni O‘zbekiston vakilasi 48 yoshli Oksana Chusovitina 13,067 ball to‘plagan holda mahalliy sportchilar Bengisi Yildiz (12,950) va Choren Biner (12,950)larni ortda qoldirib, oltin medalga ega chiqdi.

Shuningdek, o‘sha kuni erkaklar o‘rtasidagi tayanib sakrash dasturida o‘zbekistonlik sportchi Abdulaziz Mirvaliyev 14,475 ball bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Birinchi va uchinchi o‘rinlar ukrainalik Nazar Chepurniy (14.900) hamda Igor Radivilov (14.450)larga nasib qildi.

Oksana Chusovitina haqida ikki og‘iz: Sportchi 1975 yilda Buxoroda tug‘ilgan. U 8 ta Olimpiadada qatnashgan yer yuzidagi yagona sportchi hisoblanadi. Bugungi kunda Chusovitina o‘zining qizi tengi sportchilar bilan xalqaro arenalarda bahs olib borib, yosh sportchilarga hali juda ko‘p mahorat darslarini ko‘rsatib bera olishini isbotlab kelmoqda. Oldindagi Osiyo o‘yinlari va Parij-2024 Olimpiadasida ham Chusovitinaning chiqishlarini ko‘rsak ajab emas.

O‘zbekiston MTJ kutilmagan muammoga duch keldi.

FIFA kunlari doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Meksika bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Ayni maqsadda 7 sentyabr kuni o‘zbekistonliklar AQSHning Sent-Luis shahriga yetib bordi. Biroq jamoa a’zolarining 10 dan ortiq bagaji noma’lum sababga ko‘ra qolgan yuklar qatoridan topilmagan.

Yo‘qolgan bagaj orasida ba’zi futbolchilarning ekipirovka va butsalari ham bor. Holatdan kelib chiqib manzilgacha yetib kelmagan bagajlarni tezroq Sent-Luis shahriga yetkazish bo‘yicha zarur ishlar olib borilgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda 10 sentyabrida Toshkent vaqti bilan 03:30 da start oladigan o‘rtoqlik o‘yiniga tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yuborgan.

AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi bahsni gonduraslik Nelson Salgado boshqarib boradi. Shuningdek, Srechko Katanets qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 13 sentyabr kuni tarkibida Gilermo Ochoa, Raul Ximenes, Ektor Errera va Edson Alvares kabi taniqli futbolchilari bo‘lgan Meksika termasi bilan ham o‘zaro bahs olib boradi.  O‘zbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyida Xitoy va Vetnamga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

O‘zbek telekanallari OCHLni ko‘rsatmaydi

Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasining 2023/2024 yilgi mavsum uchun translyatsiyasini hali hech qaysi bir o‘zbek telekanali sotib olgani yo‘q. Musobaqaning navbatdagi mavsumiga qiziqish har qachongidanda yuqori, chunki jahon futboli yulduzlari Krishtianu Ronaldu, Neymar, Benzema va boshqa bir qator mashhuf futbolchilar musobaqada ishtirok etadi. Boz ustiga bu yilgi bahslarda 4 ta o‘zbek klubi ishtirok etadi.

O‘tgan yili OCHLni translyatsiya qilgan “UzReport” telekanali esa bu yilgi o‘yinlarni namoyish etmasligini ma’lum qildi. Milliy teleradiokompaniya esa hamon sukut saqlamoqda.

Qayd etilishicha, Turkiyaning “Saran” kompaniyasi Chempionlar ligasi o‘yinlarini Osiyo mamlakatlarida translyatsiya qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarni sotib olgan va kompaniya translyatsiya huquqlarini Osiyo mamlakatlariga pullamoqchi, jumladan O‘zbekistonga ham, biroq translyatsiya huquqlari uchun so‘rayotgan summa deyarli 1 million AQSH dollari atrofida.

Ma’lum bo‘lishicha, “Saran” translyatsiya uchun talab qilayotgan texnika O‘zbekistonda yo‘q. Mabodo o‘zbek telekanallari translyatsiya huquqini sotib olgan taqdirda ham OCHL o‘yinlarini translyatsiya qilmoqchi bo‘lsa, texnikani “Saran”dan ijaraga olishi kerak.

Demak, katta ehtimol bilan o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari OCHL o‘yinlarini internet orqali xorijiy davlatlar telekanallarida yoki, turli xil telegram kanallarda tomosha qiladi.

Nihoyat Ergashevning jangi sanasi aniq bo‘ldi

O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashevning IBF kamari uchun puerto-rikolik Sabriel Matiasga qarshi jangi 4 noyabr kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Oxirgi jangini 2022 yil avgust oyida Meksika vakili Anxel Martinesga qarshi o‘tkazgan Ergashev hozirda Amerikada bo‘lajak jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

“Shartnomani imzoladim. Barcha masalalar hal bo‘ldi. Mashg‘ulotlar a’lo darajada davom etmoqda. Oyog‘imda jarohat bor edi, hozir esa og‘riqlar kamaygan”, deydi Ergashev.

Ergashev-Matias jangining promouterlik savdosida TGB promotions g‘olib bo‘lgandi. Bo‘lajak jangdan Matias 357 ming AQSH dollar, O‘zbekiston vakili esa 153 ming AQSH dollar daromad qiladi.

Nihoyat Ergashev chempionlik kamari uchun jang qiladi. Shu vaqtga qadar u profboksda 23 ta jang o‘tkazib barchasida g‘alaba qozongan. -63,5 kgda hali hech bir o‘zbek bokschisi IBF kamariga ega chiqmagan. Ergashevda ana shunday imkoniyat yuzaga keldi. U tarixiy natijani qayd etishi mumkin, buning uchun esa bokschi 4 noyabr kuni Matias to‘sig‘idan o‘tishi kerak.

O‘zbekistonlik futbolchi faoliyatini BAAda davom ettiradi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi va OKMK klubi himoyachisi Abdulla Abdullayev Birlashgan Arab Amirliklarining “Xorfakkan” klubiga transfer qilindi.

“Jamoamiz o‘z tarixida ilk bor xorij klubiga o‘z futbolchisini transfer qildi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng OKMK va “Xorfakkan” futbol klublari o‘rtasida, shuningdek futbolchining roziligi asosida transfer shartnomasi imzolanib, Abdulla Abdullayev BAA klubiga ko‘chib o‘tdi.

Abdullayevga jamoamiz muvaffaqiyatlariga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, uning keyingi faoliyatiga omad va zafarlar tilaymiz!” deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati klubi transfer shartlarini ochiqlamagan, biroq mazkur xabar fonida Abdullayevning “Transfermarkt” portalidagi ma’lumotlari o‘zgartirildi. Unda futbolchining yangi jamoasi asosiy fonga chiqqan, ammo shartnoma muddati va transfer qiymatiga oydinlik kiritilmagan. 

OAVga ko‘ra, BAA klubi futbolchi uchun 200 ming dollar to‘lagan, bu esa himoyachining “Transfermarkt”dagi narxidan ancha kam. Abdulla Abdullayevning portalda belgilangan taxminiy narxi 641 ming AQSH dollarni tashkil qiladi.

Ramos sobiq klubiga qaytdi

Ispaniyalik 37 yoshli himoyachi Serxio Ramos “Sevilya” futbolchisiga aylandi.

“Real Madrid” va PSJ klublarining sobiq futolchisi 4 sentyabr kuni “Sevilya” klubi bilan shartnoma imzoladi. U jamoaga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tdi. Ramos aynan “Sevilya” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va u jamoani 2005 yilda tark etib, “qirollik klubi”ga borib qo‘shilgandi.

Ramos Ispaniya terma jamoasi safida ancha muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. Himoyachi terma jamoa safida bir marta Jahon chempioni va ikki karra Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan.

“Sevilya” rahbariyati Ramos bilan himoyachi Saudiya arabistonining “Al-Ittihod” klubi bilan kelishuvga erishganidan so‘ng bog‘langan va uni o‘zi tomonga og‘dirib olgan.

37 yoshli futbolchi shu yilning yozida Fransiyaning PSJ klubidan ketganidan keyin erkin agent maqomida edi. Himoyachiga Turkiyaning “Galatasaroy” va “Beshiktosh” jamoalari ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, biroq “El Capitano” yakunda jonajon klubiga qaytish variantini tanladi. Dunyo futboli yulduzlari Saudiyaga yo‘l olayotgan bir paytda, Ramos pulni emas futbolni tanladi. U Ronaldu va Messi erasining yorqin vakillaridan biri sifatida Yevropada qolgan kamsonli futbolchilardan biri bo‘ldi. Endi futbol muxlislarida La Liga o‘yinlari ko‘rish uchun yaxshigina sabab bor.

Panamada futbolchi otishmada halok bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Panama terma jamoasi himoyachisi Jilberto Ernandes joriy yilning 3 sentyabr kuni Kolon shahrida yuz bergan otishma oqibatida vafot etdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ikki nafar qurollangan shaxs taksi ichidan turib, odamlarga qarata o‘t ochgan, bu vaqtda Ernandes do‘stlari bilan Kolon markazidagi ko‘chada ketayotgan bo‘lgan. Hujum oqibatida futbolchidan tashqari yana yetti kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. 

4 sentyabr kuni e’lon qilingan bayonotda, mahalliy politsiya mazkur jinoyatda gumon qilingan shaxslar ushlanganini rasman e’lon qilgan. Biroq otishmada Ernandes asosiy nishon bo‘lgani yoki yo‘qligi haqidagi tafsilotlar ochiqlanmagan. 

Jilberto Ernandes “Atletiko Independente” klubi futbolchisi bo‘lib, u joriy yilning mart oyida Panama terma jamoasida debyut qilgandi. Futbolchi baxtsiz hodisaga qadar jamoa safida ikkita xalqaro o‘yinda maydonga tushgan. Uning klubdagi so‘nggi o‘yini 23 avgust kuni, Markaziy Amerika kubogi doirasida “Real Esteli”ga qarshi kechgan. Mazkur uchrashuvda Jilbertoning jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing