OAVni QQSdan ozod qilish maqsadga muvofiq emas – O‘sarov

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun mahalliy ommaviy axborot vositalari qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinsa-da, qachondir bu imtiyoz baribir bekor qilinadi. Shuning uchun OAVga boshqa imtiyozlar berish kerak. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi bugun, 23 sentyabr kuni “O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aytib o‘tdi, deb xabar berdi QALAMPIR.UZ muxbiri.

“Ommaviy axborot vositalarini qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz berish boshqa davlat tajribalarida kuzatilmayapti. Bugun OAVga QQSdan ozod qilish imkonini bersak, ertaga uni oldiga boshqa sohalar ham kirib kelishi mumkin. Keyin ularning ko‘payishi OAV uchun berilgan imtiyozni bekor qilishga sabab bo‘ladi. Bu shaxsiy fikrim, ushbu masalada boshqacharoq yondashuvni ilgari surish kerak. QQSdan ozod etish emas, balki ularga boshqacha ko‘rinishdagi imtiyozni taqdim etish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki qo‘shimcha qiymat solig‘i imtiyozi qachondir bekor bo‘lishi mumkin”, deydi Olimjon O‘sarov.

Shuningdek, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi qonunchilikka OAVni qo‘llab-quvvatlaydigan muayyan norma kiritilishi kerakligini aytib o‘tdi.

“Biz qonunchilikda OAVni moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan muayyan norma topishimiz kerak. Xabaringiz bo‘lsa, 2007 yil ommaviy axborot vositalarini moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi, lekin hanuzgacha bu qonun imzolanmagan”, deydi uyushma raisi.

Avvalroq, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov O‘zbekiston Prezidenti qarorida belgilanganiga qaramay Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hanuzgacha tashkilotga bino ajratmagani sabab undan xafa ekanini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

33

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing