Nursulton nimadan norozi?

Sport

2023 yilning dekabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston Pankration va greppling assotsiatsiyasi tomonidan mamlakat chempionati bahslari o‘tkazildi. 28 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevning musobaqa tashkilotchilaridan norozi ekanligini aks ettiruvchi videolar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, musobaqa finalida hakam tomonidan Ro‘ziboyevning shogirdiga nisbatan adolatsiz qaror chiqarilgan.

Final jangida Ro‘ziboyevning shogirdi Azizbek Ne’matov raqibining jigariga zarba berib, uni nokdaun holatiga tushirib qo‘ygan. Biroq hakamlar zarba sportchining urish mumkin bo‘lmagan a’zosiga tegdi deb o‘ylab, bahsni davom ettirishga ruxsat bergan. Jang oxirida esa Azizbek Ne’matov mag‘lubiyatga uchragan.

“Musobaqa rahbarlari va hakamlar eplay olsanglar turnirni jonli efirda ko‘rsatinglar, yo‘qsa bunaqa musobaqa qilib o‘tirmanglar. UFC'da ham jangchi nokdaun bo‘lganidan keyin hech bo‘lmasa o‘ngacha sanaydi. G‘irromlik bo‘laversa yosh jangchilarni sportdan ko‘ngli soviydi. Hakamlar sal erkak bo‘linglar. Pankration va greppling assotsiatsiyasi rahbarlari eplasanglar jonli efir qilinglar. Shuncha bola shu musobaqa uchun tayyorgarlik ko‘rgan, biroq ikki “axlat” hakamning adolatsiz qarori bilan yig‘lab uyiga qaytadi va boshqa sport bilan shug‘ullangisi ham kelmaydi”, deydi Ro‘ziboyev.

Qayd etilishicha, Ro‘ziboyevning shogirdi va uning raqibi o‘rtasidagi final jangini yosh va hali uncha katta tajribaga ega bo‘lmagan hakam boshqargan.

QALAMPIR.UZ holatga oydinlik kiritish maqsadida UFC jangchisi bilan intervyu tashkil qildi. 

Ro‘ziboyevga ko‘ra, u shogirdiga qilingan adolatsizlik yuzasidan appelyatsiya bergan, biroq appelyatsiya bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan javob qaytarilmagan. 

Ro‘ziboyev shogirdiga qilingan ishdan norozi ekanligini bildirdi va yosh sportchini MMA'dan ko‘ngli “sovumasligi” uchun oxirigacha kurashganini aytdi.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ sportchining kelgusi rejalari va u bilan bog‘liq ayrim gap-so‘zlarga aniqlik kiritdi.

Qayd etish joiz, Ro‘ziboyev hozirda Amerikada bo‘lajak jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U navbatdagi jangini amerikalik Sedrik Dyumaga qarshi o‘tkazadi. 

Ro‘ziboyev-Dyuma jangi 30 mart kuni Amerikaning Atlantik-Siti shahri mezbonlik qiladigan UFC Fight Night turniri doirasida o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Nursulton Ro‘ziboyev hozirgacha UFCʼda faqatgina 1 ta jang o‘tkazib, raqibidan ustun kelgan. 28 yoshli Dyuma esa tashkilotda 3 marta oktagonga ko‘tarilib, 2 marta raqiblaridan ustun kelgan, 1 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing