Nurxon Nafasov nega sudlanaveradi? Tokio Olimpiadasidan quruq qolgan karatechilar rahbari bilan ochiq suhbat
Intervyu
−
05 iyul 2021
18834Tokio Olimpiadasi boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi yaqilashar ekan o‘zbek sportchilarining qo‘lga kiritgan yo‘llanmalari haqida ko‘p va xo‘p gapiriladi, muhokama qilinadi. Biroq karate sport turi bo‘yicha vakillarimizning hech biri litsenziyani qo‘lga kirita olmadi.
Joriy yilning 16 iyun kuni esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti, Markaziy Oiyoda ilk va yagona 6-dan qora belbog‘ sohibi Nurxon Nafasovga navbatdagi sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik. Demakki, sohad kamchilik va muammolar, isloh qilindigan qatlamlar talaygina. Ushbu jihatlarni hisobga olib, QALAMPIR.UZ Nurxon Nafasov bilan suhbatlashdi. Unda sud natijalarining xulosalari va sohadagi muammo va kamchiliklar xususida so‘z bordi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Nurxon Nafasov bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Talashiladigan kresloning o‘zi yo‘q – Nurxon Nafasov
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Suhbatimiz rasmiyatchilikdan yiroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. 90-yillar oxiri 2000 yillar boshlarida futbolda Mirjalol Qosimov, boksda Artur Grigoryan, karateda esa, Nurxon Nafasov nomi ancha mashhur bo‘lgan va bu minglab yoshlarning sportga qiziqishini uyg‘otgan. O‘shanda karate sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni juda ko‘p edi. Yillar o‘tib karatening obro‘si tushib ketdi. Kuni kecha paydo bo‘lgan xabarlar, federatsiyadagi mojarolar va sud jarayonlari ham bunga yanada turtki bo‘ldi. O‘zbek karatesi atrofida nimalar bo‘lyapti?
Nurxon Nafasov, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti: — Avvalambor, taklif uchun rahmat. Hozirda 2000 yillarda bo‘lgani kabi 70 minglab karatechilar mavjud emas, bor-yo‘g‘i 10 ming atrofida. Uni avvalgi darajasiga qaytarishga harakat qilyapmiz. Ma’lum sabablarga ko‘ra 2006 yilda federatsiya prezidentligidan ketdim va 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana qaytib keldim…
Q.Sh.: — Ketdingizmi yo ketkazildingiz?
N.N.: — Ketkazildim, desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Ish bor joyda tortishuvlar bo‘ladi. Qandaydir shaxslarning buyurtmalari tufayli ishdan ketdim.
Q.Sh.: — Bu muddat davomida nima bilan shug‘ullandingiz?
N.N.: — Xususiy karate maktabida 12 yil davomida shogirdlar tayyorladim. Tijoriy takliflar bo‘ldi, biroq hech qayerga ketmadim. 2018 yilda Milliy olimpiya qo‘mitasi va Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Karate federatsiyasining avvalgi mavqeini qaytarish taklifi bilan chiqishdi va may oyida meni rahbarlik lavozimiga qaytarishdi. Qo‘limdan kelgancha uni boshqarishga va’da berdim. 3 oy muddat o‘tgach, avvalgi rahbarlarning buyurtmasi bilan meni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taklif qilishdi. “Hurmatli, Nafasov, yoki federatsiyasini qaytarib berasiz yoki ustingizdan yana jinoiy ish ochiladi”, deyishdi. Kimga? Mendan avval rahbarlik qilgan A’lam Mullayevga. 12 yil davomida ko‘plab murabbiylar va sportchilar ko‘chada qoldi, men ularga karatening avvalgi mavqeini qaytarishga va’da berib qaytib kelganimni va yana avvalgidek ommaviy sport turiga aylantira olishimni aytdim. 26 sentyabr kuni, navbatdan tashqari konferensiya o‘tkazib, meni ishdan bo‘shatishdi. Adliya vazirligiga, sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga hamda Milliy olimpiya qo‘mitasiga murojaat qildim. Federatsiya nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lgani uchun faqat sud orqali hal qila olishimni tushuntirishdi. Sudda yutib chiqqanimdan so‘ng, prokuratura menga nisbatan jinoiy ish ochdi.
Q.Sh.: — Federatsiyalarga tayinlov ishlari bevosita MOQ ishtirokida amalga oshiriladimi?
N.N.: — Fuqarolik sudida yutib chiqqanimdan so‘ng vazirlikka, Milliy olimpiya qo‘mitasiga murojaat qildim, jamoatchilik tashkiloti bo‘lgani sabab aralasha olmasliklarini aytishgandi. O‘shanda Rustam Shoabdurahmonov qo‘mita raisi edi.
Q.Sh.: — Siz raislik lavozimiga kelganingizda, karateni tushunadigan shaxs qaytgani uchun sport jamoatchiligi quvongandi. Nimadir bo‘ldiyu 2019 yilda sizga nisbatan jinoiy ish ochildi, kamomadlar aniqlandi. 2019 yil o‘rtalarida esa, MOQ rahbariyati yangilandi. Muammolar bo‘yicha yangi rahbariyat bilan muloqot qilganmisiz?
N.N.: — Bir necha marta murojaat qilganman. Jamoatchilik tashkiloti bo‘lganimiz sababli sud orqali o‘zimiz hal qilishimizni aytib, aralashishdan bosh tortishdi. Qanday tushuntirishni bilmayman: ustimdan jinoiy ish ochildi, korrupsiya va o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergov bo‘limi ishni taftish qildi. Bor-yo‘g‘i 3 oylik faoliyatimga doir ishlar ikki marta Toshkent shahar prokuraturasida, ikki marta Bosh prokuraturada ko‘rildi. O‘zingiz o‘ylang, 3 oyda federatsiyada qanday muhim jinoyat sodir etgan bo‘lishim mumkin.
Nega mengacha bo‘lgan davrda ajratilgan 14-15 milliard pullarni tekshirilmaydi. Sudning 2019 yildagi hukmi bilan va 2021 yildagisi deyarli bir xil. Mening vazifam mansab talashish emas, karateni rivojlanturish. Agar xohlashsa, yana shunday hukm chiqishi mumkin ekan. Ularga [tergovchisha] noxolis ekanliklarini, mengacha bo‘lgan davrda 10-15 milliard so‘mlik hisoblar borligini aytdim. U esa, o‘zining buyruqni bajaruvchi oddiy xodim ekanini aytdi.
Q.Sh.: — Ish tergovga oshirilguniga qadar 3 oylik faoliyatingiz davomida, moliyaviy hisobotlar bo‘yicha tekshiruvlar bo‘lib o‘tdimi?
N.N.: — Oirgi marta 2019 yilda O‘ta og‘ir ishlar bo‘yicha tergov bo‘limida so‘roq ham qilmasdan ishimni sudga oshirishgan. O‘shanda Mirzo Ulug‘bek tuman sudidda ko‘rilgan masalalar bu safar ham ko‘tarildi.
35 million so‘m miqdoridagi pul O‘KMF hisob raqamiga sal kechroq tushgan. Milliardlar ajratilgan pullar qolib shu summa 4 marta sudda muhokama qilindi. Vazifam ular bilan olishish emas. Sportni rivojlantirishni istayman. Davlat ajratayotgan pullarga karateni birinchi raqamli sport turiga aylantirish mumkin. Nega qilinmayapti? O‘ylashimcha, korrupsiya elementlari bor.
Q.Sh.: — Sport korrupsiyalashgani butun dunyoda aytiladi. Bizda qaysi doirada korrupsiya kuchli, yuqori yoki quyi?
N.N.: — Noto‘g‘ri gapirib qo‘ymaslikka harakat qilaman, asta-sekin sudda yutib kelyapmiz, sport vazirligiga kirmoqchi bo‘ldik. Hatto, vazirning o‘rinbosari bilan ham uchrasha olmadik. Sud ketayotgani sababli bizni eshitishni xohlamadi. Yangi vazir kelgach, shaxsiy fikrimcha, oldingiga qaraganda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi. Fransiyada o‘tgan so‘nggi litsenzion musobaqdan avval 2020 yil 28 oktyabrda Ravshan Ermatov va Oybek Qosimov bilan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda: “O‘rtoq, Nafasov, terma jamoani olimpiadaga tayyorlash ishlariga aralashmang”, deb aytishdi.
2016 yilda karate Olimpiada sport turlari qatoriga kiritilgan bo‘lsa, davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ga juda ko‘p ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Natijalar ko‘rsatish muammosiz bo‘lishi kerak. Lekin shu vaqtgacha birorta litsenziya yo‘q.
Natijalar bilan Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimovga murojaat qildim. Hech qanday reaksiya bo‘lmadi. Men karateni tushunaman. 2016 yildan 2020 yilgacha 20 milliard so‘m miqdorida pul ajratilgan. Bunga hech yo‘q 5 ta litsenziyani qo‘lga kiritsa bo‘ladi. Terma jamoani litsenzion turnirga tayyorlagan ikkita murabbiy yaxshi insondir, lekin mutaxassis sifatida “nol”. 50 kilogramm og‘irlikdagi karatechini 4 yil davomida 55 kg vazn uchun tayyorlabdi. Parij musobaqasi ko‘rsatdi hammasini.
Q.Sh.: — O‘rtoq, Nafasov, gapirish oson. O‘zingiz 2018 yildan beri nimani qoyil qildingiz, deguvchilar juda ko‘p topiladi.
N.N.: — O‘zbekiston chempionatining va yurtimizda o‘tadigan boshqa musobaqalarning obro‘sini oshirdim. Boks va dzyudo musobaqalariga havas qilganim sabab, shular qatori o‘tkazishga harakat qilindi. Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan musobaqalarni o‘tkazdik. Barcha yosh toifasida 141 ta yaxshi sportchini tanlab oldik. Va’da bera olamanki, ular Osiyo va Jahon chempionatlari hamda Olimpiya o‘yinlarida natija ko‘rsatadi. Biz O‘zbekistonning yangi terma jamoasini saralab oldik. Mengacha bo‘lgan va keyingi davrda esa ikkita murabbiy 5 ta sportchini tayyorladi, musobaqalarga olib bordi, biroq natija yo‘q.
Q.Sh.: — Sharmandali vaziyat. Shuncha sportchilarni saralab olinganini aytyapsizu, lekin natijalar ko‘rsatilmagani tushunarsiz. O‘zbekistonda yangi davr karate ustalari tug‘ilmagan bo‘lishi mumkin emas. Qani ular? Yoki korrupsiya shu qadar quloch otib ketganmi? Fransiyaga “muzqaymoq yeyish uchun” borilganmi?
N.N.: — Natijalarsiz o‘tgan 14 musobaqaga har doim, ikkita murabbiy, beshta sportchi va federatsiyaning avvalgi xodimlari borgan. Men birortasida ishtirok etmaganman. Aslida O‘zbekistonda kuchli mutaxassis va karate ustalari ko‘p.
Q.Sh.: — Ular federatsiyaga ishonishadimi? Shaxslar almashgani bilan federatsiya nizomi va qarorlar, o‘rnatilgan tizim ishlashi kerak. Aks holda federatsiyaning keragi yo‘q.
N.N.: — Ishonch bo‘lishi uchun birinchi galda natija ko‘rsata olmagan avvalgi jamoa xalqdan uzr so‘rab, iste’foga chiqishi kerak. Olimpiya qo‘mitasi yoki boshqa joyda turib, ularga rahnamo bo‘layotganlar o‘ylashi kerak. Millat sharafi har narsadan yuqori bo‘lishi kerak. Sportga berilgan e’tibor yuqori darajada. Rivojangan dalatlarning aksariyati sportga bu qadar e’tibor qaratmaydi. Ayrimlar to‘g‘ri ishlasa, yaxshi bo‘ladi. O‘zbekistonda siz o‘ylagandan ham kuchli sportchilar bor.
Q.Sh.: — Siz amaldor sifatida bu fikrga endi kelgandirsiz, buni o‘zbek xalqi bir necha o‘n yillardan buyon biladi. Lekin u sportchilar tan olinmaydi.
N.N.: — Hozirgi islohotlar sababli hammasi tan olinishi kerak. Ularni kechiktirib bo‘lmaydi. Turizm va sport vazirligining talablarini qonun doirasida bajarsak, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Q.Sh.: — Uzoq yillar federatsiya rahbari bo‘lib ishlab, 12 yillik tanaffusdan keyin yana rahbarlikka qaytdingiz. 3 oylik faoliyatingizdan so‘ng yana sud jarayonlari bo‘lganiga qaramasdan muhrni bermagansiz. Kursingizni shunchalik yaxshi ko‘rasizmi. Yuzlab shogirdlaringiz bor, kamsuqum odamsiz. 2003 va 2006 yillarda ham sudlangansiz. O‘sha jarayonlar sizga dars bo‘lmaganmidi?
N.N.: — Sportni tushunmagan odam lavozim talashyapti, deb o‘ylaydi. Biroq unday emas. Kimga tashlab ketasan, deb savol bermaysizmi? Shuncha mas’uliyatli narsani kimga tashlab ketasiz. Sportchilar bilan suhbatlashsangiz ko‘zingizga yosh keladi. Haqiqatan ham ezilib ketishdi. Ularga achinaman. Ayrim murabbiylarning sharoitlarini ko‘rib, qo‘rqib ketasan kishi. Lekin ular fidoiy. Abgor ahvoldagi sport zalida 10 soatlab mashg‘ulot o‘tishga ham tayyor.
Men hozir ishlashga tayyorman: hamma korrupsionerlar ketsayu islohot qilishga va’da berilsa. O‘zbek karate ustalarini Olimpiadada ko‘rmoqchi edim. 2018 yilda MOQ raisi Umid Ahmadjonov ishga qaytganimda Olimpiya o‘yinlarida natija qanday bo‘lishini so‘ragandi. O‘shanda 2 ta medal va’da qilganman. Ahmadjonov, “yo‘q, bunaqasi ketmaydi, 3 ta medal olmasangiz men siz bilan gaplashmayman”, deb turib olgan. Men suddan chiqib, sudga yuguraversam, qanday qilib natija ko‘rsataman.
Kimlar rahbar bo‘lishi men uchun muhim emas, asosiysi natija bo‘lsa kifoya.
Q.Sh.: — Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma sotib olinmasligiga kim kafolat beradi?
N.N.: — Endi bu har bir karatechining vijdoniga havola. Mana shu beshta sportchi bilan sotib olish mumkin, deb o‘ylaysizmi? Bu narsa bo‘lmaydi, Osiyo chempionati degan nomi bor axir. Bularda yondashish noto‘g‘ri. “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin” deyishgan. Mullayev umrida karate bilan shug‘ullanmagan odam, u – biznesmen. Murabbiylardan biri suzish mutaxassisi, biri muhandis. Agar mabodo Nafasovning “ovozini o‘chirish” uchun bo‘lsa ham Fransiyadan yutuq olib kelinganda, zo‘r bo‘lardi. O‘ylashimcha, Nafasov nomidan ko‘ra, O‘zbekiston g‘ururi ko‘proq ustun turadi.
Siz yo‘llanmani sotib olish haqida gapiryapsiz, holbuki O‘zbekiston karate federatsiyasining bugungacha bir xonalik ofisi ham bo‘lmagan. Siz esa kreslo talashasiz deyapsiz, vaholanki talashiladigan kresloning o‘zi yo‘q. Xudo xohlasa, men 2 yil ichida karate milliy federatsiyasining bazasini yarataman.
Q.Sh.: — Siz avvallari ishlab ketgan davringiz, ya’ni 2006 yillarda ham bu yerning bazasi bo‘lmaganmi?
N.N.: — Biz u paytlari homiylarning eshigi tagida sadaqa so‘ragan kabi “sarg‘ayib” turar edik. Prezidentimiz tomonidan so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan islohotlar va ajratilayotgan pullar juda ko‘pligi bois, bugungi kundan kamchilik qidirish noo‘rin. Hamma imkoniyat bor, faqat foydalanadigan odam yo‘q. Eng achinarlisi, nima sababdan “O‘zbekiston karatesi birorta yo‘llanmaga ega chiqmadi?” degan savol javobsiz qoldirilgani bo‘ldi. Oxiri nima bo‘ladi, bilmadim...
Q.Sh.: — Karate shu ketishda ketaversa…
N.N.: — Buni aytishga ham qo‘rqaman, eshituvchilarga g‘alati ta’sir qiladi. Ko‘plab karatechilar boshqa sohalarga, yoki taekvondoga o‘tib ketgani sir emas. Ba’zilari esa sportdan emas, O‘zbekiston chiqib ketdi. Ular Chexiya, Vengriya fuqaroligini olib, o‘sha davlat terma jamoasi safida karate tushishni ma’qul ko‘rmoqda. Bir sportchini aeroportga ketayotgan joyida zo‘rg‘a ortga qaytarib qolishga ko‘ndirganman. O‘sha yigit Parijda 5 ta jangda yutib keldi. Agar siz aytayotgandek, hamma narsa shu turishda davom etaversa, katta ehtimol bilan hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaydi.
Q.Sh.: — Bundan 2 yil avvalgi sudlanishingizni o‘sha vaqtdagi MOQ raisi Umid Ahmadjonov bilan bog‘lashgan edi. O‘zingiz ham shunday fikrda bo‘lgansiz. Vaqt va keyingi sudlar ko‘rsatdiki, bu masala Ahmadjonov shaxsi bilan bog‘liq emas.
N.N.: — Menimcha, sudlanishimga Umid Ahmadjonovning aloqasi yo‘q. Men o‘sha paytning o‘zidayoq bilganman bu kimning buyurtmasi ekanligiyu, nima sabab bo‘lganini. O‘zining og‘zidan eshitganman buyurtmachini. Chunki, Ahmadjonovdan bu haqda so‘raganimda, u “Bu ishlarning menga aloqasi yo‘q, aka. Kimni sabab bo‘layotganini o‘zingiz ham sezgan bo‘lsangiz kerak”, deb aytgandi. O‘shanda bildimki, taxminlarim to‘g‘ri.
Q.Sh.: — O‘shanda siz federatsiyaga kelganingizdan keyin karatechilarning ovqatlanishi borasida kamchilik kuzatilgani, pasayish bo‘lgani aytildi. Nima, siz ishlagan paytda karatechilar “rollton” yeydigan darajaga tushib qoldimi?
N.N.: — Qo‘rqmasdan ayta olamanki, bu ishlarning ham menga aloqasi yo‘q. Sportchilar, hatto, xalqaro musobaqalarga ham o‘zi bilan xalta-xalta “rollton” olib borishgan. Keyin bilsam, butun umr shunga o‘rganishgan ekan. Ular uchun davlat har doim safar puli ajratgan. Ularga bu haqda aytdim va ajratilgan pulni berdim. O‘shanda sportchilarimiz umrida birinchi marta safar pulini olganini aytishgandi. Achinarli holat...
Q.Sh.: — Federatsiyaning siz rahbarligingizda uyushtirilgan matbuot anjumani xuddi chet el kinolari singari barchaning yodida qolgan. O‘shanda jurnalist va blogerlar sizga savol berishlari kerak bo‘lgan paytda, sportchilaringiz u yerda janjal uyushtirib, sizdan haq talab qilgan. O‘sha vaziyatni izohlay olasizmi?
N.N.: — O‘sha kuni matbuot anjumani o‘tkazilishi haqida e’lon berganimizdan keyin rahbar lavozimida ishlovchi bir odam men bilan bog‘lanib, “Matbuot anjumani uyushtirishni bizdan so‘radingizmi, kelishilganmidi, nega maslahatsiz ish qildingiz?”, dedi. Men esa bu shunchaki matbuot anjumani ekanligini, bu yerda faqat Karate federatsiyasi bilan bog‘liq mavzular ko‘tarilishi, uning ish rejasi xususida so‘z borishini aytdim. Qolaversa, anjumanda siyosiy mavzular haqida gap ko‘tarilmasligi aniq edi.
Shundan keyin futbolchi va murabbiylar kelib janjal ko‘tarishni boshladi. Mendan haq talab qilishyapti, bu mening ishim emas, men OAV vakillariga federatsiyaning ish tartibi hamda vazifalari haqida ma’lumot bermoqchi edim. Alam qilgani, hatto, Fransiyadagi katta musobaqaga jo‘natilgan sportchilarga ham shu pul ajratilmagan va ular siz aytggandek “rollton” yeb yurishga majbur bo‘lgan...
Suhbatning shu qismida Karate federatsiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Federatsiyada ishlovchi bosh murabbiyi Dilnoza Bakirova Nurxon Nafasovning faoliyati borasida tanqidiy fikrlari va bir necha savollari borligini ma’lum qildi. Biz unga savol berish imkoni borligini aytib, quloq tutdik.
Dilnoza Bakirova: — Nurxon Ziyotovich qanday qilib nodavlat-notijorat tashkilotga na konferensiya, na yig‘ilish qilmasdan prezident bo‘lib oldi? Ikkinchi savolim, o‘tgan yili bizga mashg‘ulot uchun Bo‘stonliq tumanida alohida uy ajratilganiga qaramay, yozning chillasida issiq kafe ichiga tatami qo‘yib, mashg‘ulot qildirgan. Bundan tushgan pulni esa “yeb yuborgan”. Biz o‘z yonimizdan kuniga ikki mahal o‘sha yerga borib, hatto, tushliksiz shug‘ullanganmiz. Bularning sababi qachon ochiqlanadi?
N.N.: — Dilnoza Bakirova aytgan gaplarning hammasi bo‘hton. O‘quv-yig‘ini mashg‘ulotiga ajratilgan pulni “yedi”, qalbaki hujjat qildi deb, analiz-sintez qilmasdan gapiryaptilar. Buni prokuratura o‘rganib chiqqan, sud ko‘rgan va xulosaga kelib, qaror chiqargan. Ikkinchidan, men saylangan kunim, 16 may kuni konferensiya bo‘lgan. Menda o‘sha konferensiyaning yozib olingan video lavhasi bor, unda Bakirovaning shaxsan o‘zi ishtirok etgan, men bir qancha foiz ovoz to‘plab, prezidentlikka saylangan edim.
Bundan tashqari, biz yaqin kunlarda federatsiyadagi murabbiylarning har bir murojaatini eshitib o‘tamiz, rasmiy har qanday murojaatga javob beraman. Agar xohlasangiz, ushbu javoblarimni sizga yetkazib turishim ham mumkin. Lekin bu gaplar yolg‘on, rasmiy, mantiqli savol emas.
Q.Sh.: — Dilnoza Bakirovaning savoliga siz sud o‘z xulosalarini bergan dedingiz, shunga ko‘ra siz 17 million so‘mga jarimaga tortildingiz. Bundan kelib chiqishicha, siz rostan ham o‘sha hujjatlarni qalbakilashtirdingizmi?
N.N.: — Men umuman hujjatlarni qalbakilashtirganim yo‘q! Boshida ham aytdim, yana qayta aytaman, bularni aybdor deyishdan ham yiroqman, sababi tez orada kimning kim ekanligi barchaga ayon bo‘ladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Nurxon Nafasov bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi