Eronning yangi Prezidenti inauguratsiyasida O‘zbekistondan kim qatnashishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
05 avgust 2021
5949Avval xabar berganimizdek, bugun 5 avgust kuni Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezdenti Ibrohim Raisiy qasamyod qabul qilib, rasman lavozimga kirishadi. O‘zbekiston nomidan mazkur marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ishtirok etadi.
Ayni vaqtda Tehronda bo‘lib turgan Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Eron davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan uning saylovlardagi g‘alabasi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Uchrashuv chog‘ida bunday yuksak e’tibor va e’tirof ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichda davom ettirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muloqotlarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalar qatori parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Ibrohim Raisiyning ta’kidlashicha, Eron rasmiy doiralari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan mintaqa davlatlari bilan o‘zaro hurmat, do‘stlik va birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Eron Prezidenti Toshkent va Tehron o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik aloqalariga ijobiy baho berdi.
Ibrohim Raisiy fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ijtimoiy hayotida parlament rolini nihoyatda kuchaytirdi. Kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar muhim o‘rin tutadi.
Samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga doir masalalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, bugun, 5 avgust kuni Raisiyning qasamiyod marosimi (inauguratsiyasi) bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi