Nurafshonda Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi quriladi
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
9434Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish ishlari uchun 28 milliard 400 million so‘m ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimining farmoyishida qayd etilgan.
Toshkent viloyati hokimining “Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish ishlariga mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi farmoyishiga ko‘ra, mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev, viloyat hokimining o‘rinbosarlari Sh.Xakimov va B.Meliyev zimmasiga yuklangan.
Qayd etilishicha, viloyat mahalliy byudjetining 2021 yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat hokimligi huzuridagi “Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi” davlat unitar korxonasiga viloyat markazida olib boriladigan ishlar uchun jami 34 milliard 400 million (o‘ttiz to‘rt milliard to‘rt yuz million) so‘m, jumladan:
• Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish ishlari uchun 28 milliard 400 million
• “Nurafshon Business City” hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishi uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Qolgan 4 milliard 900 million so‘m belgilangan tartibda viloyat mahalliy byudjetining tiklanishini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, yozuvchi Alinazar Egamnazarovning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida bir oiladan besh nafar farzand urushga ketib hech biri qaytmagan oila dunyoda uchta bo‘lib, ikkitasi Belarus va AQSHda, yana biri Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova oilasidir. Ona Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli farzandlaridan judo bo‘lgan. Uning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘ida Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga bag‘ishlab “Matonat madhiyasi” monumenti barpo etilgan.
LiveBarchasi