Nukusda Ozarbayjon madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda

Jamiyat

image

Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari o‘tkazilmoqda.

Kecha, 26 oktyabr kuni Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari doirasida Nukus yoshlar teatrida uchrashuv va konsert bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ozarbayjon Milliy Majlisi Madaniyat  qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati raisining muovini Rasul Zarikeyev ochib, Ozarbayjon va O‘zbekiston, jumladan, Qoraqalpog‘iston bilan hamkorlikning rivoji haqida axborot berdi. Qoraqalpog‘iston va qo‘shni Xorazm viloyatida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari o‘tkazilishini olqishladi.

Ganira Pashayeva tomoshabinlarni qutlab, buyuk Ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliydan ilhomlangan asarlar yozgan Berdaq vatanida bo‘lishdan mamnunligini bildirdi. Qo‘mita raisi Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy do‘stona va qardoshlik aloqalari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning ulkan xizmatlari borligini ta’kidladi. Ganira Pashayeva shundan so‘ng Ozarbayjon va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Ozarbayjon yerlarini armanlar ishg‘oldan ozod qilinishi haqida so‘zlar ekan, qo‘mita raisi shunday dedi: 

“Bir yil oldin Ozarbayjon Prezidenti, oliy Bosh qo‘mondon Ilhom Aliyev rahbarligida askarlarimiz va zobitlarimizning shijoati bilan 44 kun ichida deyarli 30 yil davomida  Armaniston ishg‘olida bo‘lgan yerlarni ozod qildik. Armanlar shahar va qishloqlarimizni, masjid va qadamjolarimizni vayron qildilar, bu yerlarda haqiqiy buzg‘unchilik siyosatini amalga oshirdilar. Armanlar bu vandalizm va vahshiylikni ham o‘z tarixiga yozib qo‘ydi. Qorabog‘da endi bunyodkorlik ishlari boshlandi”.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Madaniyat markazi tashabbusi bilan buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganini qayd etdi. Samir Abbosov bu yil buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi munosabati bilan Prezident Ilhom Aliyev “Nizomiy Ganjaviy yili”deb e’lon qildi, deya ta’kidladi. Bu borada Ozarbayjon va butun dunyoda tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Markaz direktori bu yil O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda, uning asarlari chop etilayotganini ham ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ozarbayjon Xalq artisti Gulyanag Mamadova mug‘om va xalq qo‘shiqlari, soz ustasi Ilhom Abdullayev qadimiy xalq kuylari, Ozarbayjon Madaniyat markazi “Ozarbayjon qizlari” ansambli a’zolari raqslar ijro etdilar.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari, fan, madaniyat va san’at namoyondalari, Nukusda yashovchi ozarbayjonlar, jurnalistlar ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing