Nukus voqealarida ayblangan Kallixonovaga tergovda qiynoq bo‘lganmi?
Jamiyat
−
31 yanvar 2023
8823Nukus voqealarida aybli deb topilgan va 3 yil sinov muddat bilan shartli ravishda ozod etilgan Lolagul Kallixonova tergovdagi qiynoqlar haqida Ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi.
“Men jurnalistlar va xalqaro maydondagi odamlardan ham qo‘rqmayman. Xudodan qo‘rqaman. Panjara ortida o‘tirganimda ham hech kimdan qo‘rqmaganman. Agar menga tazyiq o‘tkazilganda, kuch ishlatilganda, ovqat yoki dori-darmondan qisganda aytardim. Ichkarida olti oydan ortiq vaqt o‘tirdim. Tazyiq bo‘lgani yo‘q. Choy ichgim kelganda tergovchini o‘zi choy damlab berar edi. Tazyiq bo‘lsa tergovda bo‘lishi kerak. Meni savodli, intelligent odamlar tergov qildi. Darajasi yuqori bo‘lganlar ishni olib bordi. Qamoqxonada ruhan tazyiq ham bo‘lmadi. Ichkarida o‘tirib ancha kitob o‘qidim”, deydi Lolagul Kallixonova.
U sud jarayonlari haqida gapirarkan, sudlanganlarga fikr bildirish uchun imkon berilgani, so‘z erkinligi ta’minlangani va o‘zining aybini tan olishini qo‘shimcha qildi.
“Bizga sudda gapirish uchun imkoniyat berildi. Sudda Davletmurat Tajimuratovga ham gapirish imkoniyati, so‘z erkinligi berildi. Bizni sudga tayyorlashgani yo‘q. Agar tayyorlashganda men o‘zimga nimadir so‘ragan bo‘lardim. Sudning boshidan oxirigacha men aybdorman, men jazoga loyiqman dedim”, deydi Lolagul Kallixonova.
Shuningdek, Kallixonova Qoraqalpog‘iston o‘zgartirishlarsiz ham yaxshi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Lolagul Kallixonova JKning 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o‘tirgan 6 oy 24 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 7 yil 5 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi qo‘llanilib,jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
LiveBarchasi