Nukus voqealari bo‘yicha 3 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi qamaldi
3-sahifa
−
09 fevral 2023
74252022 yilning 1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukus voqealari bo‘yicha 3 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi
Qayd etilishicha, tergov doirasida ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olingan.
“Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Natijasi bo‘yicha jinoyat ishlarining sudga yuborilishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 yanvar kuni Buxoroda 2022 yil iyul oyida Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblangan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud bo‘lib o‘tib, sud hukmi e’lon qilingandi. Sud hukmiga ko‘ra, Davletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Shuningdek, Lolagul Kallixonovaga tayinlangan jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Shuningdek, ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov joriy yilning 4 fevral kuni Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida vafot etgan edi.
LiveBarchasi