Noyabr oyida qanday ob-havo bo‘ladi?
Jamiyat
−
01 noyabr
27368O‘zgidromet noyabr oyida kuzatiladigan ob-havo prognozlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktyabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 8-9 darajaga past bo‘ladi.
Noyabr oyi kuz faslining boshidan farqli darajada havo haroratining keskin o‘zgarib turishi bilan ajralib turadi. Oyning birinchi yarmida o‘rtacha ko‘p yillik kunduzgi harorat 15-20 daraja iliqni (ba’zan 22-27 darajagacha), oyning ikkinchi yarmida esa 10-15 daraja iliqni tashkil etadi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha qatorlari uchun mutlaq maksimal harorat 30-33 daraja iliqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Farg‘ona vodiysida 26-28 daraja iliqni tashkil etadi.
O‘tgan asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan davr uchun eng sovuq noyabr oylarida havo harorati 19-24 daraja sovuqqacha, shimolda 25-27 daraja sovuqqacha, eng chekka janubda 10-15 daraja sovuqqacha pasaygan.
So‘nggi yillarda noyabr oyida bunday qattiq sovuqlar kuzatilmadi. Ushbu asrda eng past harorat 10-15 daraja sovuqni, shimolda 20-25 daraja sovuqni, Ustyurtda 26-28 daraja sovuqni tashkil etgan.
Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki qatlamlarda qor qoplami beqaror bo‘ladi, 2000 metrdan yuqori bo‘lgan balandliklarda esa qor qoplamining balandligi oy oxiriga 25-40 sm ga yetadi. Bu yil noyabr oyi issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi.
Respublika bo‘yicha 1-3 noyabr kunlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 2 noyabrda Toshkent viloyatining ayrim joylarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. 3 noyabrga kelib, kunduzi havo 20-25 daraja iliqqacha isiydi.
4 noyabrdan O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalarining kirib kelishi boshlanadi. Respublika hududlari bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 10-15 daraja iliqqacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa iliq ob-havo saqlanib turadi.
5 noyabrdan nam va sovuq havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.
Sovuq harorat fonida 5-8 noyabr kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 9-10 noyabrda sharqiy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi (tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Havo harorati asta-sekin pasayadi va birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, harorat kechalari 3-8 daraja iliqni, kunduz kunlari 7-12 daraja iliqni tashkil etadi.
Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 3-8 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 17-20 daraja iliqqacha ko‘tarilishida iliq ob-havo davrlari kuzatilishi ehtimoli bor.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
LiveBarchasi