8-sinf o‘quvchilari sinfdoshini do‘pposladi. O‘quvchilar ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin
Jamiyat
−
04 dekabr 2019
9418Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan maktablardan birida uch o‘quvchi til biriktirib boshqa sinfdoshini do‘pposlagan. Ushbu voqea aks etgan video QALAMPIR.UZ’ga yetib keldi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmatining qayd etishicha, ular maktabning 8-sinf o‘quvchilari bo‘lgan. Holat joriy yilning 2 dekabr kuni qayd etilgan.
Maktabning 8-“B” sinf o‘quvchilari R.R., A.M., A.O., S.M. va A.K. sinfda o‘zaro joy talashib, bir-birini haqoratlagan.
Tanaffus vaqtida maktab binosining 3-qavat koridorida uch nafar o‘quvchi R.R., A.O., A.M. o‘quvchi A.K.ni urgan.
Ushbu holat yuzasidan hozirgi vaqtda Shayxontohur tuman xalq ta’limi bo‘limi, Shayxontohur tuman IIO FMB inspektorlari maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasida surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
O‘quvchilar R.R., A.O. va A.M.larning ishini voyaga yetmaganlar komissiyasiga taqdim etish va ularni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi bo‘yicha jazolash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyatlari belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi