Norvegiya YeIning Rossiyaga qarshi yettinchi sanksiyalar paketiga qo‘shildi
Olam
−
27 avgust 2022
3561Norvegiya hukumati Yevropa Ittifoqi tomonidan 21 iyul kuni joriy etilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yettinchi paketiga qo‘shildi. Tegishli bayonot Norvegiya hukumati saytida chop etilgan.
“Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy yilning 21 iyulida qabul qilingan sanksiyalar paketi Norvegiya qonunchiligiga kiritildi va Norvegiyada bugundan kuchga kiradi”, deyiladi matnda.
Yangi cheklovlar Rossiya Federatsiyasidan oltin, shuningdek zargarlik buyumlarini sotib olish, olib kirish yoki o‘tkazishni taqiqlashni, Rossiya jismoniy va yuridik shaxslaridan bank depozitlarini qabul qilish qoidalarini kuchaytirishni, ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalarni Rossiyaga yetkazib bermaslikni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, “qora ro‘yxat”ga “Sberbank”, “Tungi bo‘rilar” mototsikl klubi va bir qator rossiyalik harbiylar kiritilgan.
Norvegiya Tashqi ishlar vaziri Anniken Xyuitfeldt hujjatni sharhlar ekan, “Biz yana bir bor Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda harakat qilamiz, Rossiya hukumatiga bosimni saqlab qolish uchun ularga sanksiyalar kiritamiz”, degan.
Avval Norvegiya Yevropa Ittifoqining Rossiya Federatsiyasiga qarshi barcha sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlagan, biroq baliqchilik sanoati bundan mustasno. Rossiya bayrog‘i ostidagi baliq ovlash kemalarining Norvegiya portlariga kirishiga ruxsat berilgan. Baliqchilik bo‘yicha Rossiya-Norvegiya qo‘shma komissiyasi doirasida ham hamkorlik davom etmoqda.
LiveBarchasi