Norvegiya Ukrainaga mitti dronlardan mingtasini tekinga beradi

Texnologiya

image

Norvegiya hukumati Kiyevga mingta Black Hornet uchuvchisiz uchish qurilmasini tekinga berishini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Norvegiya Mudofaa vaziri Byorn Arild Gramning aytishicha, Ukraina tomoni razvedka dronlarining oldingi partiyasidan juda mamnun bo‘lgan.

“Black Hornet deb nomlangan dron Norvegiyada ishlab chiqariladi va biz hozirda Ukrainaga 1000 ta yangi dron to‘plamini yetkazib beramiz”, deydi vazir. 

Shuningdek, u bu dronlar razvedka va nishonni aniqlash uchun ishlatilishini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, Black Hornet dunyodagi eng kichik harbiy toifadagi dron bo‘lib, uning og‘irligi bor-yo‘g‘i 32 grammni tashkil etadi. Bu tipdagi dronlar Norvegiyaning Teledyne FLIR kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Ushbu qurilmaning asosiy afzalligi uning hajmida bo‘lib, bunday mitti dronlardan har qanday mutaxassis bo‘lmagan askar ham atrof-muhit haqida tezkor ma’lumot olish uchun ishlatishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilar ham bu vositani shaxsiy razvedka tizimi (PRS) sifatida tasniflagan.

Black Hornet dronlari qurol tashish uchun juda kichiklik qiladi. Bundan tashqari, u o‘nlab kilometrlab uzoqqa ucha olmaydi. Shu sababli undan dushmanni zararsizlantirishda foydalanilmaydi. Ammo uning cho‘ntakka sig‘adigan darajadagi kichik hajmi tufayli razvedka olib borish jarayonida katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Uning eski modifikatsiyasi, hatto, bundan ikki baravar yengilroq edi. Yangi modelda esa bir qator funksiyalar qo‘shilgan. Jumladan, dronning parvoz davomiyligi 25 daqiqagacha uzaytirilgan. Maksimal parvoz masofasi esa taxminan 1,6 kilometrni tashkil qiladi. Qurilma odatda 10-30 metr balandlikda uchadi va aerodinamik shakli tufayli o‘rtacha kuchli shamollarga bardosh bera oladi. Maksimal tezligini esa sekundiga 10 metrgacha yetkazishi mumkin.

Dron ikki xil rejimda ishlaydi. Birinchi holatda u operator tomonidan qo‘lda boshqarilsa, boshqa usulda GPS koordinatalariga ko‘ra oldindan belgilangan yo‘lni kuzatish uchun dasturlashtirilishi ham mumkin. GPS ma’lumotlarini qabul qiluvchi datchik dronning ichiga o‘rnatilgan.

Portativ drondan foydalanuvchi askarlar uchun ushbu qurilma jonli ravishda video uzatishi yoki yuqori aniqlikdagi harakatsiz tasvirlar oqimini yetkazib berishi mumkin. Dron burnida ikkita boshqariluvchi optik kamera va termal tasvir vositasi ham bor. Shuning uchun, uning yordamida tunda ham razvedka qilish mumkin.

Qurilma batareyasi 20-25 daqiqa ichida 90 foizgacha quvvatlanadi. Ushbu dronlar hozirda NATOga a’zo ko‘pgina davlatlar, xususan, Germaniya, Fransiya va AQSH Qurolli kuchlari tomonidan foydalanib kelinadi. Ikkita dron, boshqaruv paneli va quvvatlash vositasidan iborat to‘plab narxi 40-60 ming dollarga baholangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Norvegiya mitti dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing