Noroziliklar Eronda rejimni o‘zgartira oladimi? Rasmiy Tehrondan sado chiqdi

Olam

image

Erondagi norozilik namoyishlari mamlakatda rejim o‘zgarishiga olib kelmaydi. Bu haqda Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohian ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab norozilik namoyishlari xorij matbuoti va xorij tashviqotining mahsulidir.

“Eronda hech qanday rejim o‘zgarmaydi. Eron xalqining his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashmang”, deydi u.

Abdullohian Mahsa Aminining o‘limi jiddiy tekshirilganiga ishontirib, Prezident Ibrohim Raisiy marhumning oilasiga shaxsan qo‘ng‘iroq qilganini eslatgan.

“Eronliklar hissiyotli odamlar, ularning his-tuyg‘ulari pokiza, voqeadan keyingi dastlabki soatlarda ular tinch yo‘l bilan norozilik bildirishdi, endi hamma tergov tugashini kutmoqda. Ammo shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh kanallari, ba’zi veb-saytlar kabi Eronda odamlarni ko‘chaga chiqishga va zo‘ravonlikka undagan ba’zi tashqi elementlar bor edi va shuning uchun namoyishlar zo‘ravonlik va tartibsizliklarga aylandi”, deydi TIV rahbari.

Abdullohianning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH haqiqatan ham Eron xalqi haqida qayg‘ursa, ular sanksiyalar tufayli minglab eronlik bolalar halok bo‘lganiga qarashlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Norozilik sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

118

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing