Norov AQSH rasmiylari bilan nimalarni gaplashgani ochiqlandi

Jamiyat

image

AQSH va O‘zbekiston vakillari kecha, 13 dekabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan ikki davlat o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti yig‘ilishida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, Afg‘oniston atrofidagi vaziyat va savdo aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati tarqatgan tomonlarning qo‘shma bayonotida aytiladi. 

Qayd etilishicha, AQSH tomonidan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu, O‘zbekiston delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchilik qilgan. 

Davlat kotibi yordamchisi Lu so‘zi avvalida Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonga C5+1 diplomatik formatidagi asosiy ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi hamda ushbu format muammolarni birgalikda hal qilish hamda yanada farovon va xavfsiz Markaziy Osiyoni yaratishda muhimligini ta’kidladi.  

Tomonlar O‘zbekistonning e’lon qilingan islohotlar kun tartibini ham muhokama qildi. Davlat kotibi yordamchisi kun tartibini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi va AQSH hukumati islohotlarni ilgari surish, jumladan, iqtisodiyot, ta’lim va barcha uchun inson huquqlarini hurmat qilish sohalarida qanday amaliy yordam ko‘rsatayotganini ta’kidladi.  

Delegatsiyalar ikki mamlakatda savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhitni saqlab qolishga qat’iyatli ekanliklarini bildirgan.  Shuningdek, matbuot erkinligi, jurnalistlarni himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni muhokama qilib, AQSH O‘zbekistonga gumanitar yordam ko‘rsatishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildirgan.

Muloqot ishtirokchilari, shuningdek, chegara boshqaruvi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash, giyohvandlik va terrorizmga qarshi kurash kabi asosiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi. Davlat kotibi yordamchisi Lu O‘zbekiston mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash tarafdori ekanini ta’kidladi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning yangi savdo yo‘llarini o‘rnatish, import va eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash, Global metan majburiyati va iqlim inqiroziga qarshi kurashish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ma’qullash hamda o‘zining iqtisodiy islohotlarini, shu jumladan xotin-qizlar sohasidagi islohotlarni ilgari surish istagini olqishladi. Qo‘shma Shtatlar ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun 12-14 dekabr kunlari AQSHda bo‘ladi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Norov bilan muzokaralar chog‘ida Toshkentning Markaziy Osiyoda o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy siyosatini yuqori baholagan. O‘z navbatida, Davlat departamenti Blinken va Norov Vashingtondagi uchrashuvda Afg‘oniston va Ukraina aholisiga yordam berish masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi.

Vashingtonda bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Norovning o‘tmishdoshlari – sobiq tashqi ishlar vazirlari Sodiq Safoyev (Senat raisining birinchi o‘rinbosari) va Abdulaziz Komilov (Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili) ham bor. Shuningdek, Adliya vaziri Akbar Toshqulov ham ular qatoridan joy olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing