Norov AQSH delegatsiyasi bilan yopiq eshiklar ortida muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
24 may 2022
9138AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu boshliq delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov amerikalik siyosatchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda turli sohalardagi O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida yopiq eshiklar ortida so‘z bordi.
Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, uchrashuvda Vashington shahrida Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi sessiyasi va uning ekspertlar darajasidagi sohaviy uchrashuvlarini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlangan.
“O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlarning infratuzilma, energetika, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalarida aniq natijalarga erishish maqsadida “S5+1” (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hamda AQSH) shaklidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekistonning Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va uning iqtisodiy tiklanishiga yordam beradigan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi”, deyiladi TIV xabarida.
Muzokaralardan so‘ng Donald Lu O‘zbekiston hukumatining boshqa oliy vakillari bilan ham muloqotlarga umid qilishini aytib, ular olib borayotgan tahlillar Markaziy Osiyo oldingidek emasligi va narxlar ko‘tarilayotganiga ham to‘xtalgan.
“O‘zbekistonga qaytganimizdan mamnunmiz. Biz uchun O‘zbekistonda juda ajoyib ob-havo hozirlashibdi (hazil albatta). Bugun Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi (Vladimir Norov – tahr.) bilan ajoyib muzokaralar olib bordik. Shuningdek, hukumatning boshqa oliy vakillari bilan ham muloqotlarga umid qilib qolamiz. Biz juda muhim masalalarda muzokaralar olib boryapmiz. Tahlillarimiz asosida shuni ko‘rishimiz mumkinki, bugun Markaziy Osiyo oldingidek emas. Narxlar oshmoqda. Bizda mehnat migratsiyasi bor. Biz tashqi mehnat jarayonlariga o‘tyapmiz. Mazkur jarayon munosabati bilan esa Vashingtondan juda oddiy xabar bor – biz yordam berishni xohlaymiz. Biz yangi resurslar, yangi mablag‘lar topyapmiz, shuningdek mazkur qiyin davrda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti barqaror va kuchli bo‘lib qolishiga ishonch hosil qilish uchun texnik ta’minot izlayapmiz”
O‘zbekistonda so‘ngi yillardagi islohotlarni baholagan Donald Lu shunday deydi:
"Biz Prezident Mirziyoyevning islohotlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz.
Ishonamizki, mazkur islohotlar albatta O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘zgarish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, tovar aylanmasi uchun savdo aloqalarini ta’minlash, va shuningdek, siyosiy islohotlar uchun muhim. Bugun ommaviy axborot vositalarida ko‘proq ochiqlik bor, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda ishtiroki ko‘proq. Katta rahmat, O‘zbekistonda bo‘lishdan mamnunmiz".
AQSH elchixonasining QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha delegatsiya O‘zbekiston hukumati rasmiylari, biznes rahbarlari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashib, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qadriyatlar va AQSHning ayollar huquqlarini kengaytirishga ko‘maklashishini muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Lu oxirgi marta 2021 yilning 13 dekabr kuni Toshkent shahrida bo‘lgandi. U O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishida qatnashgan.
LiveBarchasi