Norboyeva va Qo‘chqorov tandemi: xalqaro reyting va indekslardan o‘rin olish nega kerak?

Jamiyat

image

Oxirgi ikki yilda O‘zbekistonning turli xalqaro reytinglardagi ishtiroki mamlakatda muhim voqelik sifatida ko‘rib kelinmoqda. Farovonlik, xavfsizlik, ochilik kabi indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanib borishi xalqqa, odamlarga nima beradi? Davlat boshqaruv organlariga-chi? Oliy Majlis Senatining kecha, 20 noyabr kuni o‘tgan 9-yalpi majlisida xalqaro indekatorlarda O‘zbekistonning ishtiroki qanchalik muhimligiga aniqlik kiritildi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘z ochdi. 

Qo‘chqorov vazir o‘rinbosari lavozimida ishlaydigan mutasaddiga xalqaro indekslar haqida atayin savol berib, tayinli javob ololmaganini aytdi.

“Kimdir xalqaro reytinglar bizni qayerdadir maqtashlari yoki tanqid qilmasliklari uchun kerak, deb o‘ylaydi. Biz kimgadir nimanidir isbot qilishimiz shart emas. Bu hammasi o‘zimiz uchun.

Mana shu yig‘ilish bo‘lishidan oldin men o‘zim hammani yig‘ib, holat bilan tanishib oldim. Familiyasini aytmayman, bir vazir o‘rinbosariga savol berdim. “Elektr energiyasiga ulanish tartibi osonlashsa va muddati qisqarsa, buning natijasi nimada namoyon bo‘ladi?” U “chet ellik reyting agentliklari bizning reytingimizni oshiradi”, deb javob berdi. Xo‘p, mayli, bunga ham roziman, yana nima, deb so‘rasam, javob yo‘q. Men esa, odamlarga yaxshi bo‘ladi, dedim”, deya kinoyali tabassum qildi Qo‘chqorov. 

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul Qo‘chqorovga reyting tushunchasiga alohida to‘xtalib, xalqaro reytingda yuqorilash faqat kimningdir maqtashi yoki tanqidi uchun emas, balki aholi va tadbirkorlarga yaxshi bo‘lishi uchun kerakligini urg‘uladi. 

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari 2020 yil juda ko‘p davlatlarning xalqaro reytinglari tushib ketgani, O‘zbekiston esa 2019 yilda erishgan reyting natijasini saqlab qolganini aytib, yengil tortdi.

“Misol 100 ta mamlakatda reyting bo‘lsa, reyting agentliklari ulardan 50-60 tasining reytingini pasaytirdi. O‘zbekistonning reytingi esa pasaymadi. 2019 yilda BB — (Kredit mablag‘larining yetishmasligi) darajasini olgan bo‘lsak, bu yil ham shu darajani saqlab qoldik. Suveren reytingning ichida hamma narsa bor. U energiya, qurilish, tashqi savdo va hokazolarning yakuniy bahosi hisoblanadi”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

U so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonning reytingda yuqorilamagani, 2019 yildagi natijani saqlab qolishining o‘zi alohida voqelik ekaniga ishora qilgandek, “maqtanishga arzimasa ham, reytingdagi o‘rnimiz o‘zimizga mos bo‘ldi”, deydi. 

Shu o‘rinda Senat raisi Tanzila Norboyeva ham Jamshid Qo‘choqorovning gaplarini to‘liq ma’qulladi. Norboyeva reytinlarni “aholining farovonligi va turmush darajasini yengillashtirishga beriladigan baho”, deb atadi. 

“Yaxshi reytingga ega bo‘lgan davlatlrga investitsiyalar ham kirib keladi, shu davlatlar bilan hamkorlik qilish jozibadorligi ham ortadi. Shuning uchun ham davlat rahbari Reyting va indekslar bilan ishlash respublika kengashini boshqarish vakolatini Senat raisiga berdi”, deydi Norboyeva.

Shuningdek, Senat raisi O‘zbekistonning o‘zi egallab turgan reytinglardagi o‘rnini muqim saqlab turganiga urg‘u berib, bu bo‘yicha faol ishlar olib borilayotganini aytdi. Norboyevaga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlar o‘ntaligiga kiritilgan. Senat raisi ushbu ko‘rsatkichni olib borilayotgan siyosat natijasi, deb atadi.
 
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 25 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. 

Shuningdek, 2020 yil 2 iyunda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy  qilish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon asosida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyev kengash raisi etib tayinlandi.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing