Norboyeva Buxorodagi ayollar bandligi bilan ishlash tizimini tanqid qildi

Jamiyat

image

Bandlik va mehnatga ko‘maklashish vazirligining Buxoro viloyati boshqarmasi direktori ayollar duch keladigan ishsizlik masalalariga umuman befarq qaraydi. Viloyat bandlik tizimida muammolar juda ko‘p. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bugun, 25 avgust kuni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Gender tengiligi masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishda alohida ta’kidladi. 

“Kecha men xizmat safari bilan Buxoro viloyatiga borib keldim. U yerda qanchalik yaxshi ishlar qilinmasin, o‘rta bo‘g‘imlarda muammo ko‘p. Ayniqsa, bandlik tizimida. Buxoro viloyati bandlik boshqarmasi boshlig‘i ayollarning ish bilan ta’minlanish maslasiga umuman befarq qaraydi. Ayrim tumanlarda ham shu ahvol”, dedi Tanzila Norboyeva. 

Shuningdek, Senat raisi hududlarda ayollar kasbga o‘qitilgandan so‘ng, ularning qo‘liga sertifikat berish bilan qutilinayotgani va bandlik tizimi xotin-qizlarning ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashmayotganini qattiq tanqid ostiga oldi.  

"Bugun Xalq banki tomonidan ayollarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun 100 million so‘m kredit berilyapti. Bundan tashqari o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Mahallalarda tashkil qilingan markazlarda o‘qitish tizimi mavjud, lekin o‘qish bo‘lyapti-yu o‘qigandan keyin qo‘liga sertifikatni berib, “bo‘ldi, bizni vazifamiz tugadi”, deb Bandlik boshqarmasi ayollarning qo‘liga pattasini berib qutilyapti. Aslida xotin-qizlar bo‘limi chiqib, sertifikat olgan qizlar uchun bankka borib, mana biz o‘qitdik, sertifikat berdik, biznes loyiha tayyor, deb kredit olishiga ko‘maklashishi kerak edi. Kredit olgandan keyin ham to ayol o‘zini ishini yo‘lga qo‘yib olguncha uni qo‘llab-quvvatlab turishi lozim edi”, dedi Tanzila Norboyeva. 

Shuningdek, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Gender tengiligi masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva respublikada muhtoj ayollar ko‘p emasligini, shunda tizimdagilar eplay olmayotganini ta’kidladi. 

“Ishlamayapti, demayman. Ishlayapti, ammo hamma o‘zicha, bandlik o‘zicha, markaz o‘zicha, sog‘liqni saqlash o‘zicha, buyoqda bank o‘zicha yuribdi mahallalarda. Bunaqa bo‘lmasligi kerak. Hammasini muvofiqlashtiradigan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilar har bir ayolning ishini hal qilib berishi lozim. Respublikada muhtoj ayollar juda ko‘p emas, lekin shuni ham eplay olmayapmiz. Shuning uchun “Ayollar daftari”dagi muammolarni hal qilsak, hammasi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi: zo‘ravonlik ham, jinoyatchilik ham. Ammo shularni qilmaganimiz uchun ham hammasi “o‘lda-jo‘lda” yotibdi”, dedi Komissiya rahbari Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing