Noqonuniy buyruq bilan QALAMPIR.UZ jurnalistlariga tahdid qilgan IIO xodimlari harakati tekshiriladi
Jamiyat
−
17 Sentabr 2021
5698QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari – Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov, yurist Shohruh Olimjonovning jurnalistik faoliyatiga qarshilik qilgan ichki ishlar organi xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha Toshkent shahar IIBBga xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Gap shundaki, joriy yilning 6 sentyabr kuni QALAMPIR jamoasi Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib boradi. Ular QALAMPIR.UZ xodimi ekanini tasdiqlovchi hujjat bilan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartiblardan chetga chiqmagan holda, jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishadi.
Shu vaqtda jurnalist F.Najmiddinova va tasvirchi X.Xolmurodovning jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilinadi. Ichki ishlar posbonlari Azizovning OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotgani haqidagi qonunga zid buyrug‘iga binoan ularni IIBga olib ketmoqchi bo‘ladi. Buning uchun maxsus avtobus ham chaqirtiriladi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ xodimlaridan tasvirga olmaslik talab qilinadi. Shaxsan U.Azizov QALAMPIR.UZ tasvirchisi X.Xolmurodovni yoniga chaqirib, tasvirlarni o‘chirib yuborishini va voqea joyidan ketishini talab qiladi.
Prokuratura xodimi videolarni o‘chirish, aks holda jurnalistni va unga hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borish va kerakli joyda gaplashish bilan tahdid qilgan. U.Azizov IIO xodimlariga OAV vakillarini avtobusga “bosib” olib ketish haqida noqonuniy buyruq bergan. Ichki ishlar xodimlari esa ko‘rsatma qonunga zid ekanini bila turib, uni bajarishga uringan.
Bosh prokuratura ushbu holat haqiqatan ham ro‘y berganini aniqlab, avvaliga Azizovga "odob darsi" o‘tilganini ma’lum qilgandi. Biroq, bunga QALAMPIR.UZ e’tiroz bildirib, prokuratura xodimining xatti-harakatlari Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan malakalanishi kerakligi haqida rasmiy bayonot bilan chiqqan edi. Bugun, 17 sentyabr kuni Bosh prokuratura yana bir bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Shuningdek, qonun talablariga rioya qilmasdan tumanning 2-mavze, 7-uy oldi qismida rastalarni o‘rnatishga, shu yo‘l bilan vaqtinchalik foydalanishga yer maydoni ajratib berishga ruxsat berib, shu joyda kapital qurilma qurilishini oldini olish choralarini ko‘rmagan Yunusobod tumani hokimining o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorovga nisbatan intizomiy jazoga tortish bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi