Nobel jamg‘armasi so‘zidan qaytdi

Olam

image

Nobel jamg‘armasi joriy yilning 10 dekabr kuni Stokgolmda bo‘lib o‘tadigan mukofotlarni topshirish marosimiga Rossiya, Belarus va Eron elchilariga yuborgan taklifini qaytarib oldi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni jamg‘arma saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

“Biz Shvetsiyadagi kuchli reaksiyani hisobga oldik, bu esa qarorga butunlay soya soldi. Shuning uchun biz odatdagi amaliyotdan o‘tgan yilgi istisnoni takrorlashga, ya’ni Rossiya, Belarus va Eron elchilarini Stokgolmdagi Nobel mukofotini topshirish marosimiga taklif qilmaslikka qaror qildik”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, jamg‘arma Osloda bo‘lib o‘tadigan marosimga oldingidek hamma davlatlar, ya’ni Rossiya, Belarus va Eron elchilarini ham taklif qilishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, har yili oltita Nobel mukofotidan beshtasi Stokgolmda, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti esa Osloda o‘z egalariga topshiriladi. O‘tgan yili Nobel jamg‘armasi Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi tufayli Rossiya va Belarus elchilarini marosimga taklif etmagan. O‘shanda Eron ham taklif qilinmagan edi. Tehron uzoq vaqtdan beri inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tufayli tanqidlarga uchrab keladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq jamg‘arma yuqoridagi davlatlar elchilarini ham marosimga taklif qilgandi. Biroq bu Shvetsiya va Ukrainaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Xususan, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson jamg‘armaning mazkur qaroridan hayratda ekanini bildirgan bo‘lsa, Yevroparlament deputati Karin Karlsbro jamg‘armani “xavfli pretsedent” yaratishda ayblagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' jamg'armasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar