Nobel mukofotining fizika bo‘yicha sovrindorlari aniqlandi 

Olam

image

Nobel qo‘mitasi 2021 yilgi fizika mukofoti g‘oliblarini e’lon qildi. Syukuro Manabe, Klaus Xasselman va Jorjio Parizi “murakkab fizik tizimlarni tushunishga novatorlik hissalarini qo‘shganlari uchun” ushbu yo‘nalishda sovrindor bo‘ldi.

“Fizika bo‘yicha Nobel mukofotining yarmi Syukuro Manabe, Klaus Xasselmanga, qolgan yarmi Jorjio Pariziga topshirildi”, deyilgan qo‘mita saytida. 

Ta’kidlanishicha, nemis olimi Klaus Xasselman va amerikalik Syukuro Manabe “Yer iqlimini fizik modellashtirish, o‘zgarishlarning miqdoriy tahlili va global isishning ishonchli prognozi uchun” mukofotga sazovor bo‘lgan.

Xasselman Gamburgdagi Maks Plank meteorologiya institutida, Manabe esa AQSHdagi Prinston universitetida ishlaydi. Ularning har ikkisiga umumiy qiymati 10 million shved kroni (taxminan 286,6 ming dollar) ning chorak qismi beriladi. 

Rimning Sapiyensa universitetida ishlovchi italiyalik Jorjio Parizi mukofotni “fizik tizimlarda tartibsizlik va tebranishlarning o‘zaro bog‘liqligini kashf qilgani uchun” oldi. U mukofotning yarmini — 5 million kron yoki 573,2 ming dollar oladi. 

Ertaga, 6 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasi kimyo, 7 oktyabrda adabiyot bo‘yicha mukofot egalarini aniqlaydi. Tinchlik mukofoti laureati 8 oktyabr kuni Osloda e’lon qilinadi. Iqtisodiyot bo‘yicha mukofot egasi 11 oktyabrda ma’lum bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ingliz fizigi Rojer Penrouz qora tuynuk ustida olib borgan izlanishlari tufayli, germaniyalik astrofizik Raynxard Gensel va amerikalik astronom Andrea Gez esa galaktikamiz markazida supermassiv ixcham ob’ektni kashf etgani uchun fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgandi. 

Avvalroq, “Fiziologiya va tibbiyot” bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofotini tirik organizmlar haroratni qanday his qilishini o‘rgangan olimlar Devid Julius va Ardem Pataputyan qo‘lga kiritgani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing