Nissan-Renault`ning sobiq rahbari Yaponiyadan qochib ketdi

Olam

image

Fransuz-yapon avtomobilsozlik alyansi “Renault - Nissan - Mitsubishi`ning sobiq rahbari Karlos Gon Livanga qochib ketdi. U Tokioda uy qamog‘ida saqlanayotgandi. U Yaponiyada moliyaviy firibgarlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanyapti.

“Men odil sudlovdan qochmadim. Men nohaqlik va siyosiy ta’qibdan qochdim”, deya Gonning so‘zlarini keltirdi “Reuters” agentligi.

Gon yapon sudlov tizimini insonning asosiy huquqlarini ham inobatga olmaslikda ayblab, u yerda asir bo‘lish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Gon Livanda ekanligi haqidagi OAVda tarqalgan xabarni tasdiqlagan. Hozircha u Yaponiyani qanday tark etgani noma’lum. Unga mamlakat tashqarisiga chiqish taqiqlangan.

NHK telekanalining Livan hukumati vakillariga tayanib xabar berishicha, Gon Yaponiyani boshqa ism bilan tark etgan bo‘lishi mumkin.

Livanning “Al-Axbor” gazetasi xabar berishicha, Gon Yaponiyani Istanbuldan borgan shaxsiy samolyotda tark etgan. Qochish qandaydir xususiy qo‘riqlash kompaniyasi yordamida amalga oshirilgan.

Mazkur xabar tarqashi ortidan Turkiyada bir necha kishi hibsga olingan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Gon Istanbulda 1,5 soat bo‘lgan, keyin esa Livanga uchib ketgan.

65 yoshli Gon Braziliyada tug‘ilgan, uning ota-onasi asli livanlik. U Bayrutda o‘sgan, keyin o‘qish uchun Fransiyaga ketgan. Gonning Fransiya, Braziliya va Livan fuqaroligi bor.

Gon ishi

Renault va Nissan kompaniyalarining sobiq rahbari 2018 yilning noyabr oyida moliyaviy qonunchilikni buzishda ayblanib, hibsga olingandi.

Tergovga ko‘ra, Gon Nissan boshqaruv kengashi raisi bo‘lgan vaqtida 2010-2018 yillarda o‘z daromadlarining yarmini ko‘rsatib, qolgan mukofotlarini yashirgan bo‘lishi mumkin.

Gon 108 kunni hibsda o‘tkazdi. 2019 yilning 6 mart kuni 9 mln dollar garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

Biroq oradan 1 oy ham o‘tmasdan mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi bilan qaytadan hibsga olingan. Tergov unga o‘zi yetkazgan 1,85 mlrd iyen (21 mln dollar) zararni kompaniya mablag‘lari hisobidan qoplash ayblovini qo‘ydi. Yapon OAV ma’lumotiga ko‘ra, garov evaziga qo‘yib yuborilgan shaxsning yana hibsga olinishi Yaponiya prokuraturasi uchun kamyob holat hisoblanadi.

Ikkinchi martada Gon 500 mln iyen (4,5 mln dollar) evaziga uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Gon o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmay, “xiyonat va qarama-qarshilik” qurboni bo‘lganini ta’kidlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Karlos Gon

Baholaganlar

50

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar