Nikohdan o‘tishda 1 oylik muddat bekor qilinishi mumkin
Jamiyat
−
22 aprel 2022
19478Oila kodeksida nikohlanuvchi shaxslar FHDYOga ariza berganidan vaqtdan boshlab 1 oy o‘tgach nikohi qayd qilinishi belgilangan. Bu vaqtda nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar bo‘lganda 1 oylik muddat qisqartirilgan holda nikohni qayd qilishga ruxsat berilgan.
Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYO organlariga soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish, FHDYO va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar mavjud edi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha muallifi Adliya vazirligi.
Mazkur loyihada Oila kodeksining 13, 17 va 212-moddalariga o‘zgartishlar kiritish hamda nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan nikohini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Tahlillarga ko‘ra nikohni qayd qilish uchun 2021 yilda 300 mingdan ortiq, 2022 yilning 1-choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi nikohni qayd etishda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik holatlarni bartaraf etish, nikohlanuvchilarda davlat organlariga nisbatan norozilik kayfiyati kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, nikohni qayd etish jarayonini soddalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
LiveBarchasi