SSVning maktablarni ochish bo‘yicha talabi Adliya vazirligida tasdiqlandi. Unda nimalar belgilandi? (ro‘yxat)
Jamiyat
−
28 avgust 2020
13663O‘zbekistonda 14 sentyabrdan umumiy o‘rta ta’lim maktablari ochilishi kutilmoqda. Maktablarda karantin sabab dars soatlari qisqartirilishi ham rejada bor.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, maktablarda dars mashg‘ulotlari 3 smenada tashkillashtirilishi mumkin va so‘nggi smena soat 17:30 gacha tegashi kerak. Bu haqda vazirlik ishlab chiqqan “O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari va o‘rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar”da belgilangan. Bu hujjat Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tkazilib, tasdiqlangan.
Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha umumta’lim maktablari va maxsus maktab internatlarda xavfsiz ish muhitini ta’minlashga qaratilgan.
Hujjatda, quyidagilar nazarda tutilgan:
• mashg‘ulotlarni soat 8:00 dan so‘ng boshlash va 17:30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashg‘ulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
• pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yig‘ilishlar, konsertlar, tug‘ilgan kunlar va shu kabilar) o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi;
• barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
• maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari, mas’ul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” bo‘yicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;
• “ertalabki filtrlash” jarayonidan so‘ng, o‘quvchilar kirish joylarida o‘rnatilgan maxsus dispanserdan antiseptik vosita yordamida qo‘llarini zararsizlantiradilar;
• Niqob va respiratorsiz maktabga kirishga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida har 8 soatda o‘zgartirilishi lozim;
• sinflarda har bir o‘quvchiga 2 m² dan kam bo‘lmagan maydon bo‘lishi talab etiladi;
• pandemiya paytida maktab oshxonalari o‘z ishini amaldagi sanitariya me’yorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
• yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan o‘quvchilar-maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyatsiya qilinishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari hamda tibbiyot xodimlari sentyabr oyining oxirigacha gripp virusiga qarshi emlanishi belgilangan. Shu qatorda tibbiyot xodimlari ham emlanishi kerak.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi