Nig‘matilla Yo‘ldoshev millardlab mablag‘ning xorijga chiqib ketish yo‘llarini aytib o‘tdi

Jamiyat

image

Bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. 

Yalpi majlisda qonunchilikdagi bo‘shliqlar, ayrim vazirlik va idoralar mas’ullarining sovuqqonligi va e’tiborsizligi oqibatida milliardlab mablag‘lar mamlakat iqtisodiyoti rivojiga jalb etilmasdan, chetga chiqib ketayotgani tanqid qilindi, deb yozmoqda O‘zA.

Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev 15 yil avval qabul qilingan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun sug‘urta bozoridagi zamonaviy talablarga javob bermay qolganini ta’kidladi. 10 ming 200 nafar professional ishtirokchi faoliyat ko‘rsatadigan sug‘urta bozorini nazorat qilish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati inspeksiyasida bor-yo‘g‘i 6 nafar xodim ishlaydi. Mazkur tashkilot aksariyat hollarda tegishli hisobotlarni umumlashtirish bilangina shug‘ullanmoqda.

Oqibatda mamlakat sug‘urta bozori nazoratdan deyarli chetda qolib ketmoqda. Bu esa, faqat o‘z manfaatlari yo‘lida ishlaydigan ayrim sug‘urta tashkilotlariga qo‘l kelmoqda.

“Sug‘urta tashkilotlarining o‘z majburiyatlarini mamlakatdan tashqarida qayta sug‘urta qilishi mumkinligidan foydalanib ular chet eldagi sug‘urta kompaniyalariga 2017 va 2018 yillarda 275 milliard so‘m yoki qariyb 33 million AQSH dollariga teng sug‘urta to‘lovlarini o‘tkazib bergan. Chet el kompaniyalaridan mamlakatimiz sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalash uchun kelib tushgan sug‘urta to‘lovlari esa, e’tibor bering, shu davrda bor - yo‘g‘i 10,5 milliard so‘mni yoki 1,2 mln. dollarni tashkil etgan, ya’ni chiqib ketganiga nisbatan 30 barobar kam kirgan”,  deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Misol uchun, “ALFA-INVEST” sug‘urta kompaniyasi ikki yilda jami 81,4 milliard so‘m yoki 9,6 million dollardan ziyod sug‘urta to‘lovlarini chet el sug‘urta kompaniyalariga to‘lab bergan. Biroq, chet eldan mazkur kompaniyaga bir so‘m ham kelib tushmagan.

Vaholanki, qonundagi qayta sug‘urtalash yirik ob’ektlarini sug‘urtalashda sug‘urtalovchi tashkilotning o‘z imkoniyatlari yetmay qolganida, sug‘urta majburiyatini boshqa sug‘urtalovchi bilan hamkorlikda o‘z zimmasiga olish uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Holbuki, mazkur norma amaliyotda milliardlab so‘mning chetga chiqib ketishiga “xizmat qilmoqda”.


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev sug'urta yalpi majlis

Baholaganlar

122

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing