Niderlandiyada falastinlik ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Onalar inqilobi” bo‘ldi
Olam
−
06 yanvar
4144Niderlandiyada G‘azo sektorida bolalarning o‘ldirilishiga qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Rotterdamning o‘nlab aholisi, asosan ayollar, Shouburg maydonidan shahar markaziga, u yerdan esa shahar hokimiyati tomon yo‘l olishgan.
“Onalar inqilobi” deb nomlangan aksiya ishtirokchilari qonli kafanga o‘ralgan bola qiyofasidagi maketlar, chaqaloq idishlari, lampalar va “Ularning ismlari bor edi, orzulari bor edi” yozuvi tushirilgan bannerlarni ko‘tarib, namoyish o‘tkazishgan.
Namoyishchilar har bir ona o‘z farzandini himoya qilib, tinch-totuv yashashni istashini, lekin Falastinda onalar va bolalar buni qila olmasligini ta’kidlagan.
Namoyish ishtirokchisi Deniz Yilmaz “Anadolu”ga bergan intervyusida aksiya tashkilotchilarining Falastindagi onalarni qo‘llab-quvvatlash va G‘azo sektoridagi bolalar qirg‘iniga e’tibor qaratish niyatida ekanini bildirgan.
“Biz ularning dardini (falastinlik onalarni) his qila olmasak ham, bu haqda bayonot bermoqchimiz. Bugun biz ularning G‘arbdagi ovozi bo‘lishni xohlaymiz”, deydi Yilmaz.
Namoyishning yana bir ishtirokchisi Reychel Vreydag G‘azo sektorida qirg‘in sodir bo‘layotganini qayd etgan.
“U yerda bolalarni o‘ldiradilar. Buni to‘xtatish kerak. Men bunga qarshi ovozimni ko‘tarmoqchiman. Men onaman, ayolman va insonman”, deydi u.
Vreydagning fikricha, Isroilning maqsadi G‘azo sektoridagi barchani o‘ldirishdir.
“Bu jang emas, bu genotsid. Menimcha, qayerdan kelganingiz muhim emas, men Surinamdanman, lekin bu hamma uchun tashvishlanarli, chunki bolalarni bombardimon qilishni hech qachon qabul qilib bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
LiveBarchasi