Niderlandiya Ukrainaga so‘nggi F-16 samolyotini jo‘natadi

Olam

image

Bugun, 26 may kuni Niderlandiya hukumati Ukrainaga o‘zining so‘nggi F-16 qiruvchi samolyotini yuboradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vaziri Ruben Brekelmans WNL op Zondag dasturiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yetkazuv va’da qilingan barcha F-16 qiruvchi samolyotlarining eng oxirgi partiyasi sanaladi.

“Bu shuni anglatadiki, va’da qilingan jami 24 ta harbiy samolyot yaqin orada Ukrainada bo‘ladi”, degan Mudofaa vaziri.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga nisbatan bosimni oshirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish kerak. U shuningdek, ilgari e’lon qilingan yordam paketiga qo‘shimcha ravishda so‘nggi F-16 samolyoti shu hafta rasmiy tarzda Ukrainaga yuborilishini tasdiqlagan.

“Bundan tashqari, biz ukrainalik uchuvchilar va texnik xodimlarni o‘qityapmiz, harbiy strategiyalarimiz bilan bo‘lishyapmiz – bu Ukrainaga NATO standartlariga mos zamonaviy armiyani barpo etishga yordam beradi”, degan vazir.

Ma’lumot uchun, Belgiya, Daniya, Niderlandiya va Norvegiya Ukrainaga jami 79 ta F-16 qiruvchi samolyotini berishga rozi bo‘lgan. Niderlandiya 24 ta samolyotni topshirishni va’da qilgan, chunki mamlakat F-35 qiruvchi samolyotlariga o‘tishi munosabati bilan ularga ehtiyoj sezmaydi. Ushbu mamlakatdan ilk samolyotlar Kiyevga o‘tgan yilning iyul oyida yetib borgan. “Times” nashriga ko‘ra, o‘shanda olti qiruvchi samolyot topshirilgan. 2024 yil dekabr oyining boshida esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Daniyadan kelgan ikkinchi partiya F-16 samolyotlari haqida xabar bergan, ammo qancha samolyot yetkazib berilgani ochiqlanmagan. Lekin 2024 yil davomida Ukraina jami 20 ta qiruvchi samolyot olishini kutayotgandi. Niderlandiya, shuningdek, ukrainalik uchuvchilarga F-16 samolyotlarida uchishni o‘rgatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlaridan biri jangovar topshiriqni bajarish vaqtida yo‘qolgandi. Qolaversa, joriy yilning aprel oyi o‘rtalarida Ukraina Havo kuchlari kapitani Pavlo Ivanov F-16 samolyotida jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ivanovga vafotidan so‘ng “Ukraina Qahramoni” unvonini bergan. Rossiya Mudofaa vazirligi ham F-16 samolyotining urib tushirilgani haqida ma’lum qilgan, ammo tafsilotlarni ochiqlamagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina F-16 Niderlandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing