Niderlandiya Ukrainaga 100 dan ortiq kema va katerlar beradi
Olam
−
05 iyun 2025 3030 2 daqiqa
Niderlandiya Ukrainaga 400 million yevro miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini ajratadi. Bu haqda Niderlandiya Mudofaa vaziri Ruben Brekelmans ma’lum qildi.
Brekelmansga ko‘ra, paket tarkibiga 100 dan ortiq dengiz texnikasi – harbiy kemalar, patrul va transport katerlari, tutib qoluvchi kemalar va maxsus topshiriqlar uchun mo‘ljallangan kemalar kiradi. Shuningdek, Ukraina 50 dan ortiq dengiz dronlari hamda keng turdagi qurol-yarog‘ va texnik vositalarni oladi. Bundan tashqari, ukrainalik mutaxassislar uchun o‘quv dasturlarini moliyalashtirish ham rejalashtirilgan.
“Bu kompleks ko‘mak bo‘lib, Ukraina dengiz xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan. Rossiya tomonidan Qora dengizda va Xerson yaqinida tahdidlar kuchaymoqda. Ukraina o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur”, dedi Brekelmans.
Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov ham Niderlandiyaning 400 million yevrolik ko‘magini rasman tasdiqlagan.
Shuningdek, boshqa ittifoqchilar ham yangi yordam paketlarini e’lon qildi:
- Buyuk Britaniya – 2025 yilda 100 mingta dron xaridiga 350 million funt ajratadi;
- Germaniya – 5 milliard yevrolik yordamni tasdiqladi: uzoq masofali qurol-yarog‘, havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘q-dorilar;
- Belgiya – 2029 yilgacha har yili 1 milliard yevro yordam ko‘rsatadi va bir dona minaga qarshi kema topshiradi;
- Norvegiya – 700 million dollar dron xaridi uchun va qo‘shimcha 50 million dollar NATOning NSATU Trust Fund jamg‘armasi orqali ajratadi;
- Kanada – 45 million dollarlik paket: dronlar, radioelektron kurash vositalari, zirhli texnikalar ( Coyote va Bison);
- Shvetsiya – 440 million yevro xalqaro artilleriya snaryadlari, dronlar va boshqa qurollar uchun ajratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ruben Brekelmans WNL op Zondag dasturiga bergan intervyusida Niderlandiya hukumati Ukrainaga o‘zining so‘nggi F-16 qiruvchi samolyotini yuborishini aytgan edi.
Live
Barchasi