Neymarning sudida “Real" prezidenti ham guvohlik beradi
Sport
−
03 avgust 2022
7893Ispaniyaning “Real Madrid” klubi prezidenti Florentino Peres Neymarning sudida guvohlik beradi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar qildi.
Braziliyaning DIS kompaniyasi PSJ futbolchisi, uning ota-onasi, “Barselona”ning sobiq prezidentlari Xosep Bartomeu va Sandro Rosel, shuningdek, “Santos”ning sobiq direktori Odilio Rodriges ustidan sudga murojaat qilgan.
Kompaniya 2009 yilda Neymar Braziliyaning “Santos” jamoasida o‘ynagan paytlari uning transferidan tushadigan pulning 40 foiziga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgan. DIS futbolchi va uning otasini “Barselona”ga ko‘chib o‘tganda klub bilan ikkita soxta shartnoma imzolaganlikda aybladi. Shu sababli kompaniya Neymarning transferidan mablag‘ olmagan. Endilikda DIS 150 million yevro tovon puli bilan birgalikda 30 yoshli futbolchiga besh yillik qamoq jazosi va ushbu muddat mobaynida Neymarga futbol o‘ynashni taqiqlashni talab qilmoqda. Shuningdek, kompaniya vakillari Neymarning ota-onasini ham besh yillik qamoq jazosiga tortish kerakligini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, Florentino Peres joriy yilning 17-31 oktyabr kunlari ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha 18 ta guvohdan biri bo‘ladi. Katta ehtimol bilan “Real Madrid” rahbari 18 oktyabr kuni guvohlik beradi.
Albatta, “Qirollik” klubi prezidentining ushbu sud majlisiga nima aloqasi bor degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, dalillarning bir qismi sifatida DIS sudga 2016 yilda Peres bilan bo‘lgan intervyusini taqdim etadi. Unda Florentino “Real”ning Neymarga qiziqish bildirgani va uning transferiga egalik qiluvchilarga 150 million yevro to‘lanishi kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, 2013 yilda “Real Madrid” ancha ko‘p pul taklif etganiga qaramasdan Neymar 47 million yevro evaziga “Barselona” futbolchisiga aylangan. Biroq 2016 yildan keyin o‘tkazilgan sud natijasiga ko‘ra, “ko‘k anorranglilar” braziliyalik futbolchi uchun 88 million yevro to‘lagani ma’lum bo‘lgan.
LiveBarchasi