Neymar JCHning ilk o‘yinini o‘tkazib yuboradi
Sport
−
10:10 319 1 daqiqa
Braziliya terma jamoasining hujumchisi Neymar Marokashga qarshi Jahon chempionati guruh bosqichidagi ilk uchrashuvda maydonga tushmaydi. Bu haqda Karlo Anchelottining so‘zlariga tayanib, “Globo” nashri xabar berdi.
“Neymar imkon qadar tezroq safga qaytish uchun katta mehnat qilmoqda. Uning kelasi hafta to‘liq tiklanib, jamoa safiga qo‘shilishi kutilmoqda”, deydi Anchelotti.
34 yoshli futbolchi Braziliya chempionatining 16-turidan o‘rin olgan “Koritiba”ga qarshi uchrashuvda (0:3) boldiridan jarohat olgan edi. U o‘yinning 65-daqiqasida maydonni tark etgan.
Joriy yilning may oyi oxirida Braziliya terma jamoasi shifokori Rodrigo Lasmar Neymar ikki-uch hafta davomida maydondan chetda qolishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Neymar Braziliya terma jamoasi safida 128 ta uchrashuvda ishtirok etib, 79 ta gol urgan. Shu tariqa u mamlakat milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Uning terma jamoa safidagi so‘nggi uchrashuvi 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan.
Braziliya Jahon chempionatida “C” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Marokash, Gaiti va Shotlandiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Mundialdagi ilk uchrashuvini esa 14 iyun kuni Marokashga qarshi o‘tkazadi.
Live
Barchasi