Neymar “Santos” mashg‘ulotlarida janjal ko‘tardi – OAV
Sport
−
11:14 797 1 daqiqa
Kecha, 3 may kuni braziliyalik futbol yulduzi Neymar “Santos” jamoasi mashg‘ulotida janjal ko‘tardi. Bu haqda “Globo” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, voqea kecha, 3 may kuni “Santos”ning ertalabki mashg‘uloti vaqtida sodir bo‘lgan. Neymar 18 yoshli yarim himoyachi Robino Junior bilan tortishib qolgan. Avvaliga u yosh futbolchini to‘xtatgan va ular o‘rtasida og‘zaki bahs yuzaga kelgan.
Xabarlarga ko‘ra, Neymar o‘yin davomida yutqazganidan so‘ng jahli chiqib, undan sekinroq o‘ynashni talab qilgan.
Shundan so‘ng vaziyat keskinlashib, futbolchilar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Neymar jamoadoshini itargani, hatto uning yuziga zarba bergani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyinchalik Neymar yosh futbolchi bilan alohida gaplashib, hissiyotga berilgani uchun undan uzr so‘ragan. Mojaro bartaraf etilgani qayd etilgan.
“Santos” klubi vakillari va futbolchining agentlari ushbu holat yuzasidan izoh bermagan. Neymarning yaqinlari esa, bu voqeadan bexabar ekanliklarini bildirgan.
Ma’lumot uchun, “Santos” jamoasi joriy yilning 6 may kuni Janubiy Amerika kubogi guruh bosqichi doirasida Paragvayning “Rekoleta” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi