New Port qurilishi nazoratsiz qoldirilmagan – Qurilish vazirligi
Jamiyat
−
16:22 1024 2 daqiqa
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda “New Port” turar joy majmuasi hududida yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmayotgani hamda uy noqonuniy buzilgani haqida videomurojaat tarqalgandi. Keyinroq, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasdan turib uy o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani aniqlangandi. Makzur holat yuzasidan Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomoidan bir muddat avval e’lon qilingan ma’lumotlar ob’ektdagi qoidabuzarliklar nazoratsiz qoldirilmaganini ko‘rsatadi.
Yakkasaroy tumanida “MEGA LOGISTICHS SERVICHE” MCHJ tomonidan qurilayotgan Newport majmuasi jami 9 ta blokdan iborat. Ularning 3 tasi bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ekspertiza xulosalari mavjud. Ushbu bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash Toshkent shahar hududiy nazorat inspeksiyasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan buyurtmachi – “ MEGA LOGISTICHS SERVICHE” MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Kompaniyadan qurilishni tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida davom ettirish va ob’ektlarni Inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilingan.
Biroq ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagan. Natijada kompaniyaning mas’ul mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llangan. Bu bilan choralar cheklanib qolmagan. Inspeksiya to‘plagan hujjatlar qoidabuzarliklarga huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Bildirilishicha, aynan mana shu bosqichda jamoatchilikka mazkur xabarlar e’lon qilingan va uning ortidan turli mulohazalar paydo bo‘lgan. Shu nuqtai nazardan, Newport majmuasidagi qurilishlar nazorat organlari tomonidan umuman e’tiborsiz qoldirilgan, degan xulosa holatning barcha jihatlarini to‘liq aks ettirmaydi. Ob’ektdagi qoidabuzarliklar aniqlangan, buyurtmachiga majburiy ko‘rsatmalar berilgan, mas’ul shaxslar javobgarlikka tortilgan va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
“Shu o‘rinda vazirlik qurilish sohasida ruxsat berish va kelishuv jarayonlarini yanada soddalashtirish, inson omilini qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirmoqda.
Bundan tashqari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi jamoatchilikni qurilish sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida belgilangan tartibda xabardor qilib boradi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi