Netanyaxu o‘g‘lining to‘yini qoldirmoqchi
Olam
−
14:06
2921Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zining kenja og‘li Avner Netanyaxuning to‘yini kechiktirishga qaror qildi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Avner Netanyaxuning to‘yi joriy yilning 26 noyabr kuni Tel-Aviv shimolida joylashgan Sharon viloyatidagi Ronit fermasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mamlakatning “Kan” jamoat teleradiokompaniyasida aytilishicha, Bosh vazir farzandining to‘yini urush va dron tahdidi sharoitida xavfsizlik nuqtai nazaridan qoldirishga qaror qilgan.
Nashrning Netanyaxu so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, to‘yni rejalashtirilganidek o‘tkazish uning ishtirokchilari uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Avner Netanyaxu Shin-Bet xavfsizlik xizmati tomonidan himoyalangan. Bu xavfsizlik, shuningdek, Isroil davlati hukumatining timsoli hisoblangan yetti nafar shaxs uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u Bosh vazirlikdagi “Magen birligi” tomonidan taqdim etilgan xavfsizlikdan yuqori darajadagi xavfsizlik hisoblanadi. Mamlakat Bosh vaziri o‘g‘illari Avner va Yair Netanyaxularning xavfsizligi uchun milliardlab pul sarflaydi. 2024 yiningl 9 iyun kuni Netanyaxu Xavfsizlik bo‘yicha maslahat qo‘mitasidan oila a’zolarini butun umri davomida Shin-Bet tomonidan himoya qilishni yana bir bor so‘ragan. So‘rovda rafiqasi Sara, hamda o‘g‘illari Yair va Avner bor edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livanning “Hizbulloh” harakati Binyamin Netanyaxuning qarorgohiga hujum qilgandi. Harakat tomonidan uchirilgan dron Isroil Bosh vazirining Tel-Aviv shimolidagi Keysariya shahridagi shaxsiy qarorgohiga borib urilgandi. Dron hujum qilgan paytda Netanyaxu qarorgohda bo‘lmagan, shuningdek, boshqa jarohat olganlar ham mavjud emas. Isroil OAV harbiylar tomonidan qo‘yilgan taqiq sababli, zarar va ehtimoliy jabrlanganlar haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan. Mamlakat qo‘shinlarining iqror bo‘lishicha, dron kirib kelganida havo mudofaasi tizimi uni to‘xtata olmagan. Hatto dron harbiy vertolyot yaqinidan uchib o‘tgan.