Netanyaxu Turkiyani yangi dushman sifatida e’lon qilish harakatida – Fidan (video)
Olam
−
13 aprel 6927 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Isroilning Erondan so‘ng dushmansiz yashay olmasligini aytib, mamlakat Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Turkiyani yangi dushman deb e’lon qilish harakatida ekanini aytdi. Bu haqda u “Anadolu”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Erondan keyin Isroil dushmansiz yashay olmaydi. Biz uning Turkiyani yangi dushman sifatida e’lon qilish yo‘lini izlayotganini ko‘ryapmiz”, deydi vazir.
Fidan Suriyaga nisbatan Isroil hujumlari haqida ham o‘z xavotirini bildirgan.
“Suriyada katta muammoli hududni ko‘ryapmiz, bu biz uchun jiddiy xavf. Hozir Isroil Erondagi vaziyat sabab ayrim harakatlarni qilmayapti, ammo bu kelajakda ham shunday bo‘ladi degani emas. Vaqti kelganda buni amalga oshirishni istashi mumkin”, deydi u.
Fidan Binyamin Netanyaxuning yondashuvi aniq ekanini bildirib, Turkiya ham shunga qarshi tegishli choralarni ko‘rib borayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Islomoboddagi muzokaralarga to‘xtalib, u yerda muayyan takliflar o‘rtaga qo‘yilganini aytgan. Fidan o‘zining uzoq yillik muzokara tajribasiga tayanib, dastlabki bosqichda tomonlar o‘z boshlang‘ich pozitsiyalarini ilgari surishi tabiiy ekanini ta’kidlagan.
“AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatish masalasida samimiy. Dastlabki pozitsiyalar odatda biroz maksimalist bo‘ladi. Keyinchalik tomonlar vositachilar ko‘magida umumiy nuqtaga kelishga harakat qiladi. Eng muhimi, o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va uni davom ettirish uchun barqaror niyat bo‘lishi kerak. Menimcha, hozir har ikki tomon ham bu borada samimiy va zaruratni anglayapti. Isroilning bu jarayondagi buzuvchi rolini doimo hisobga olish kerak. Biz bu haqda amerikaliklarga ham, boshqa tomonlarga ham muntazam aytib kelmoqdamiz. Hozircha amerikaliklar ham, eronliklar ham o‘z mamlakatlariga qaytishdi. Ayniqsa, eronliklar AQSH tomonidan taqdim etilgan taklifni ko‘rib chiqadi va unga javob beradi, deb o‘ylayman”, degan vazir.
Fidan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni 15 kun ichida yakuniy hujjatga aylantirish qiyin bo‘lishi mumkinligini aytgan. U Turkiya bu jarayonning murakkabligini avvaldan ta’kidlab kelganini ham bildirgan va muzokaralar yaxshi davom etsa, 45 yoki 60 kunlik qo‘shimcha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ham ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston poytaxti Islomobod shahrida AQSH va Eron vakillari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Jarayon 21 soat davom etgan, biroq ayrim masalalarda kelishmovchiliklar bor.
Live
Barchasi