Nest One'da ishlagan 739 nafar ishchiga vaqtida maosh berilmagan – vazirlik
Jamiyat
−
17 may 2022
12735Bugun, 17 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida joylashgan Nest One osmono‘par binosi quruvchilari ish tashlash o‘tkazayotgani haqida video va xabarlar tarqaldi. Unda ishchilar maoshi to‘lanmagani uchun noroziligini bildirgani aytilgan.
Shundan so‘ng, holat yuzasidan Nest One majmuasini qurayotgan “Murad Buildings” qurilish shirkati rahbari Murod Nazarov inshoot oldiga borib, hammasi joyida ekanligini aytdi. Ammo shu vaqtda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan quruvchi kompaniya rahbaridan farqli munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, bugun, 17 may kuni Shayxontohur tumanida joylashgan “Tashkent city” xududidagi Nest One osmono‘par binosida ”Ozguvn mimarlik inshaat” MCHJ XKning 312 nafar ishchisi aprel uchun ish haqlarini olmagani sabab mazkur korxonaga nisbatan norozilik bildirgan.
“2022 yil 17 may kuni 312 nafar ishchiga 1 007 001 825,87 (bir milliard yetti million bir ming sakkiz yuz yigirma besh) so‘m ish haqi to‘lab berilishi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida joylashgan “Tashkent City” hududidagi Nest One osmono‘par binosida “Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar” PUning 427 nafar ishchisi aprel oyi uchun ish haqini o‘z vaqtida olmagan va mazkur korxona rahbariyatiga norozilik bildirgan.
“Holat yuzasida 17 may kuni 427 nafar ishchiga 1 346 355 177,06 (bir milliard uch yuz qirq olti million uch yuz ellik besh ming bir yuz yetmish yetti) so‘m ish haqi to‘lab berilishi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Davlat mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 1066-sonli Nizomiga muvofiq, Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 17 may kuni “Ozguvn mimarlik inshaat” MCHJ XK va “Ozguven tasarim mimarlik” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi rahbari Guven Mehmetra nomiga yozma ko‘rsatma berilgan.
LiveBarchasi