Nepaldagi ofat qurbonlari 1200 dan oshdi

Olam

image

Nepal va Xitoy chegarasida joriy yilning 26 avgust kuni yuz bergan kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 252 nafarga yetdi. Qariyb 4 800 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “New Straits Times” xabar berdi.

Nepal Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va boshqarish milliy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 1 252 kishining jasadi topilgan. Yana 5 135 kishi jarohat yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab tibbiy nazoratga olingan, ulardan 301 nafari turli shifoxonalarda davolanmoqda.

Suv toshqinlari sodir bo‘lgan hududlardan 11 993 kishi evakuatsiya qilinib, xavfsiz joylarga olib chiqilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlariga 21 402 nafar xavfsizlik xodimi jalb qilingan.

Bedarak yo‘qolganlar soni 4 216 nafarni tashkil etmoqda. Ular orasida Nepaldagi bir nechta gidroelektr stansiyalarida ishlagan qariyb 900 nafar xodim ham bor. Shuningdek, bedarak yo‘qolganlar orasida 583 nafar xorij fuqarosi qayd etilgan.

Tabiiy ofat Nepalning sakkizta hududida katta talafot keltirgan. Eng ko‘p jasadlar Chitvan hududida – 355 nafar, Sharqiy Navalparasi hududida – 218 nafar, G‘arbiy Navalparasi hududida – 208 nafar, Nuvakotda – 177 nafar va Rasuvada – 127 nafar topilgan. Shuningdek, Gorkxada 69, Dxadingda 60 va Tanaxunda 38 kishining jasadi aniqlangan.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun xalqaro yordam ham jalb qilinmoqda. Janubiy Koreyadan 44 kishilik tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish guruhi Nepalga yetib borib, bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlariga qo‘shilgan. Bedarak yo‘qolganlar orasida kamida 9 nafar Janubiy Koreya fuqarosi bor.

Xitoy ham qidiruv-qutqaruv ishlariga mutaxassislarini yuborgan. Mamlakat, shuningdek, dronlar, DNK tekshiruvi uchun uskunalar va reagentlar, suvni tozalash vositalari hamda yoritish moslamalarini jo‘natgan. Hindiston esa DNK tahlili bo‘yicha mutaxassislarini yuborgan.

Xitoy tomonida esa kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning 261 nafari xorij fuqarolari.

Shuningdek, Tibetdagi ko‘chkidan zarar ko‘rgan Girong portiga olib boruvchi yo‘l ham qayta tiklangan. Yo‘l bir necha kun davomida tun-u kun olib borilgan ta’mirlash ishlaridan so‘ng ochilgan. Shundan keyin qutqaruv guruhlari, gumanitar yordam va qutqaruv uskunalari ofat hududiga yetkazila boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepaldagi kuchli ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 127 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing