Nepalda avtobus daryoga qulashi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 22 fevral kuni Nepal poytaxti Katmanduga ketayotgan avtobus halokatga uchrab, kamida 17 kishi vafot etdi, 24 kishi esa turli darajada jarohat oldi. Bu haqda “The Himalayan Times” xabar berdi.

 

Mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, Pokhara shahridan Katmanduga ketayotgan avtobus Tishuli daryosiga qulab tushgan. Nepal Qurolli politsiya kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, voqea kecha, 22 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:45 atrofida sodir bo‘lgan.

Rasmiylardan Bishnu Prasad Bhattaning bildirishicha, hodisa joyida keng ko‘lamli qutqaruv amaliyoti olib borilmoqda. Qutqaruv ishlariga xavfsizlik tuzilmalarining turli xodimlari jalb etilgan. Marhumlarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda.

Jarohatlangan yo‘lovchilar zudlik bilan yaqin atrofdagi shifoxonalarga yotqizilgan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda. Hozircha baxtsiz hodisa sabablari aniqlanmagan. Mutasaddi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, Nepalda yo‘l-transport hodisalari tez-tez uchrab turadi. Mutaxassislar buni mamlakatning tog‘li hududlari, infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, transport vositalarining eskirganligi hamda xavfli yo‘l sharoitlari bilan izohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy-Nepal chegarasida joylashgan Everest tog‘ining uzoq Tibet yon-bag‘rlarida mingga yaqin odam qor bo‘ronida qolib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l-transport hodisasi Nepal Katmandu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing