Nega “Tolibon” poytaxt qolib, Afg‘oniston chegarasini nazorat qilishga intilmoqda?
Olam
−
20 iyul 2021
15848“Tolibon”ga qarshi bo‘lgan Afg‘onistondagi kuchlarga chet davlatlardan yordam kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida harakat mamlakatning qo‘shni O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Eron bilan chegara hududlarini nazorat qilishga intilmoqda. Bu haqda xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert, jurnalist Valeriy Shiryayev “Novaya gazeta”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Mamlakat poytaxti va provinsiyalarning markazlarini qo‘lga kiritishdan oldin Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi bo‘lgan kuchlarga chetdan yordam kirib kelishi ehtimolligini yo‘qqa chiqarish kerak edi. Shuning uchun toliblar zudlik bilan Afg‘onistonga kirish chegara nazorat punktlarini o‘z qo‘liga oldi. “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonnig O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston va Eron bilan chegarasi to‘sib qo‘yilgan. Shu yo‘l bilan toliblar Afg‘onistonga chetdan harbiy kuchlar yoki qurol-yarog‘ning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deydi Shiryayev.
Shuningdek, Shiryayev intervyuda “Tolibon” nega shoshilayotgani va Afg‘oniston hududini shiddat bilan egallayotgani to‘g‘risidagi savolga ham javob bergan.
“Nega toliblar shoshilyapti, deysizmi? Eng to‘g‘ri mantiqiy faraz oddiy bo‘ladi. 24 sentyabr kuni “Tolibon”ning 1996 yilda Qobulni hamda Afg‘onistonda hukumatni egallab olganiga 25 yil to‘ladi. Chorak asrlik sana ular uchun muhim. Aynan mana shu sanada ular Qobulga qaytishga va o‘zlarini haqiqiy hukumat sifatida e’lon qilishga harakat qilmoqda”, deydi Valeriy Shiryayev.
Shuningdek, Shiryayev Afg‘onistondagi hozirgi hukumat uzoqqa bormasligi, shu vaqtgacha rasmiy Qobul Qo‘shma Shtatlarning yordami va qo‘llab-quvvtlashi evaziga yashab kelganini qayd etgan.
“Hozirgi hukumat o‘zini mustaqil eplay olmayapti. Xuddi SSSR Afg‘onistonni tark etganida o‘zidan keyin qoldirib ketgan Muhammad Najibulla boshchiligidagi hukumatdek. “Tolibon” harakati Muhammad Najibulla boshchiligidagi Afg‘oniston hukumatini hokimiyatdan ag‘darib tashlagunga qadar u hech bo‘lmasa 3 yil yashadi. Hozirgi rasmiy Qobul esa bir necha oy ham turib bera olmasa kerak”, deydi Valeriy Shiryayev.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” harakati Afg‘onistonni 1996-2001 yillar oralig‘ida boshqargan va o‘sha davlatning nomi Afg‘oniston Islom Amirligi, deb atalgan. Qayd etish kerakki, o‘shanda
“Tolibon”ni Pokiston qo‘llab-quvvatlagan. Toliblar Qobulni egallab, rasman 1996 yilning 27 sentyabrida mamlakatni amirlik, deb e’lon qilganida ham birinchi bo‘lib, aynan Pokiston Afg‘oniston Islom Amirligini tan olgan. 2001 yilda mamlakatga AQSH va NATO qo‘shinlari bostirib kirgach, “Tolibon” boshqaruvidagi hukumatga ham barham berilgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi