Nega Rossiya AQSHning terakt haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermadi?

Olam

image

Joriy yilning 22 mart kuni Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl"da terakt uyushtirildi. Ammo ushbu voqea bir qancha savollarni keltirib chiqardi. Masalan, nima uchun "Krokus Siti Holl"da odamlarni himoya qila oladigan xavfsizlik kuchlari yo‘q edi? Qanday qilib kichik bir guruh jangchilari Moskva va mintaqa chegarasidagi "Krokus Siti Holl"da qirg‘in uyushtirib, 143 kishini o‘ldirib, hujum joyidan to‘siqsiz qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi? Bunday vaziyatda razvedka xizmatlari qanday harakat qilishi kerak edi? Nima uchun aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xavfsizlik kuchlari soni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan Rossiyaning poytaxt mintaqasida o‘z vaqtida tinch aholini himoya qila oladigan qurolga ega odamlar yo‘q edi? Nega Rossiya rasmiylari AQSHning Moskvada yaqinlashib kelayotgan terakt haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermadi? Shu kabi savollarga javob izlab BBC jurnalisti maqola e’lon qildi.

Qurolli hujum haqida xabar berilganda maxsus kuchlar qanday harakat qilishlari kerak?

Bunday vaziyatlarda maxsus kuchlarning harakatlari ko‘rsatmalarda aniq ko‘rsatilgan. Bu haqda KGB-FXX maxsus kuchlarining o‘ta xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olish va garovga olinganlarni ozod qilishga ixtisoslashgan iste’fodagi zobiti BBC'ga anonim tarzda intervyu berdi.

“Hozir hech qanday uzoq muddatli tasdiqlar yo‘q. Boshqaruv paneliga otishma va garovga olinganlar haqida ma’lumot kelib tushishi bilanoq buyruq beriladi, birinchi jangovar guruh – u har doim bazada to‘liq jangovar shay holatda zudlik bilan maydonga o‘tadi, boshqa jangovar guruhlar ogohlantiriladi. Birinchi guruh komandiri vaziyatga qarab harakat qiladi, agar kerak bo‘lsa, qo‘shimcha kuchlar kiritiladi, tezkor shtab tuziladi va u keyingi qarorlarni qabul qiladi. Birinchi navbatchi guruhning vazifasi imkon qadar tezroq yetib borishdir. Vertolyotdami, mashinadami farqi yo‘q. Agar juda imkon topilmasa, eshakda bo‘lsa ham borishlari kerak”, deydi sobiq razvedkachi.

Rossiya gvardiyasining maxsus tezkor otryadi "Krokus"ga qachon yetib keldi?

Politsiya va razvedka xizmatlarining tezkor ma’lumotlarini tez-tez chop etib turuvchi Mash Telegram-kanali Rossiya gvardiyasining maxsus tezkor otryadi askarlari binoga soat 21:32 da birinchi bo‘lib kirib kelgani haqida xabar berdi. Ko‘rinib turibdiki, “Krokus”ga kirish darhol kelgandan so‘ng sodir bo‘lmagan, chunki jangchilar vaziyatni tushunishlari, o‘z yo‘nalishlarini olishlari, atrofni o‘rganishlari, binoni o‘rab olishlari va mumkin bo‘lgan qochish yo‘llarini to‘sib qo‘yishlari kerak edi.

TASS muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, Rossiya gvardiyasi maxsus bo‘linmasi xodimlari soat 21:06 da yetib kelgan. Bu ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin – ba’zi videolarda maxsus signallarga ega bo‘lgan avtomobillarning birinchi konturlari soat 20:30 da paydo bo‘ladi. Ammo qorong‘ida bu mashinalarning idoraviy mansubligini aniqlash mumkin emasdi.

Rossiya gvardiyasi qo‘shinlarining Moskvadagi Bosh boshqarmasi bazasi qo‘shni Strogino tumanida, "Krokus Siti Holl"dan uch kilometr uzoqlikda joylashgan. Albatta, juma oqshomlari Moskvada keng tarqalgan tirbandliklar mavjud, bu vaqtda Moskva halqa yo‘li ko‘pincha to‘xtab qoladi. Stroginodan “Krokus”ga borish uchun Moskva halqa yo‘liga kirish shart emas, yo‘l Myakinino bo‘ylab ko‘prik orqali o‘tadi. Jangovar bo‘linma 3 km masofani piyoda, hatto to‘liq jihozlar bilan ham 15 daqiqada bosib o‘tishga qodir.

2002 yilda chechen hujumchilari Dubrovkadagi Teatr markazini egallab olishganda, OMON va Rossiya gvardiyasining maxsus tezkor otryadi xodimlari voqea joyiga taxminan 55 daqiqada yetib kelishgan.

Oddiy politsiya qayerda edi?

Yana yaqinroq – qo‘shni “Krokus Ekspo” binosi yaqinida Krasnogorsk tumani politsiya bo‘limi mavjud edi.

“Bu katta bo‘lim. Ularning o‘z pasport idorasi, o‘z qurol xonasi bor. Xodimlarning soni ham ko‘p. Agar bu guruh politsiya xodimlari o‘lim xavfi ostida qolgan odamlarga yordamga kelganlarida, ularni albatta qutqarib qolishgan bo‘lardi”, deydi manba BBC'ga.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volkning ta’kidlashicha, politsiya xodimlari otishma haqida Krasnogorskdagi Ichki ishlar vazirligining navbatchilik bo‘limiga xabar berilganidan besh daqiqa o‘tib voqea joyiga yetib kelgan.

U navbatchilik bo‘limiga qo‘ng‘iroq qachon kelib tushganiga aniqlik kiritmagan, biroq politsiyaning otishma sodir bo‘lgan joyga tezda yetib kelgani haqidagi iddaolar ko‘plab guvohlar yoki videoyozuvlar tomonidan tasdiqlanmagan. Aks holda, hujumchilar tinchgina qochib qutula olmas edi.

"Ular hatto qo‘riqchi ham emas"

"Krokus Siti Holl" “Krokus Profi” xususiy xavfsizlik kompaniyasi tomonidan qo‘riqlanardi. Binoning kirish qismida ham, ichkarisida ham joylashgan qo‘riqchilarda harbiy qurol bo‘lmagan.

Qo‘riqchilarning ba’zilari yashirinishga muvaffaq bo‘lishgan, boshqalari darhol otib tashlangan.

“Terrorchilarning o‘zlari kiraverishning chap tomonidan kirib kelgan. Bilasizmi, ular sekin yurishdi. Ular xavfsizlik yo‘qligini bilishgan bo‘lsa kerak”, deydi guvohlardan biri.

Federal xavfsizlik xizmati nima deydi?

Mart oyida Qo‘shma Shtatlar Moskvada terakt rejalashtirilayotgani haqida Rossiya rasmiylari bilan ma’lumot almashgan.

“Oy boshida AQSH hukumati Moskvada ommaviy yig‘ilishlar, jumladan, konsertlarni nishonga olishi mumkin bo‘lgan terrorchilik hujumi haqida ma’lumot oldi, bu esa Davlat departamentini Rossiyadagi amerikaliklarga ommaviy ogohlantirish bilan sabab bo‘lishi mumkin”, deydi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot xizmati rahbari Edriyenn Uotson.

AQSH razvedkasi Moskvani Rossiya Federatsiyasidagi teraktlar ISHID tomonidan tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Vashington tomonidan teraktga tayyorgarlik ko‘rilgani haqidagi ma’lumotlar umumiy xususiyatga ega ekanini aytgan. Ammo Rossiya rahbari Vladimir Putinning bunga munosabati aniq edi.

“G‘arbning qator rasmiy tuzilmalarining Rossiyada teraktlar sodir etilishi mumkinligi haqidagi provokatsion bayonotlarini eslatib o‘taman. Bularning barchasi ochiqdan ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatiga o‘xshaydi”, degan edi Putin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing