Nega Putinni Mirziyoyev kutib olmadi?

Intervyu

Joriy yilning 14 sentyabr kechasi Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga yetib kelgan edi.  Uni Samarqand xalqaro aeroportida shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev qarshiladi.

Kecha, 15 sentyabrda bortida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bo‘lgan samolyot ham Samarqand aeroportiga qo‘ndi, uni esa Mirziyoyev emas, el qatori mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Bu esa tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hammani nega Putinni Mirziyoyev kutib olmagani qiziqtirdi.

Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ muxbiriga nega Mirziyoyev Si Szinpinni qarshilash uchun shaxsan aeroportga kelgani va Putinni kutib olish Aripov zimmasiga tushganini tushuntirib berdi.

U xalqaro  munosabatlarda va xalqaro huquq normalarida, hatto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ham davlat tashriflari, ularning rahbarlarini qanday kutib olish kerakligi haqida o‘ziga xos qonun-qoidalari borligini ta’kidladi. 

“Xitoy rahbari Si Szinpin O‘zbekistonga davlat tashrifini ham amalga oshirdi. Davlat tashrifini amalga oshirayotgan rahbarni kutib olish, unga nisbatan ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan munosabat, u bilan shartnomalar tuzish, muzokaralar olib borishning tartibi boshqacha. Shuningdek, bu ikki tomonning kelishuviga ham bog‘liq”, deydi siyosatshunos.

Jo‘rayevning  aytishicha, bu Xitoy rahbariga bildirilgan o‘ziga xos hurmat ramzi ham. Chunki davlat tashrifi bilan kelgan Xitoy raisi boshqa davlatlarga qaraganda katta tantana bilan qarshi olingan.

“Putinning tashrifi ishchi tashrif. U SHHT sammitida ishtirok uchun kelmoqda. Bunday tashrif bilan kelgan davlat rahbarini kutib olishning ham o‘ziga xos protokoli bor. Ikki tomonning kelishuvi bilan Putinni Bosh vazir kutib olgani tabiiy hol”, deydi u.

Shuningdek, u buning boshqa sababi ham borligini qo‘shimcha qildi. Putin Samarqand aeroportiga qo‘ngan paytida Mirziyoyev boshqa davlat rahbarlari bilan muzokaralar olib borayotgan edi.

“Davlat tashrifi bilan kelgan rahbar bilan muzokaralar o‘tkazilayotgan bir paytda Mirziyoyevning aeroportda (Putinni – tahr.) kutib olishi imkonsiz masala. Shunday holatlarning hammasi hisobga olingan holda, barcha prezidentlar xalqaro va davlat tartibi protokoli bo‘yicha kutib olindi”, dedi Jo‘rayev.   

Siyosatshunos bu holatni boshqacha tushunmaslik  kerakligini tavsiya qilarkan, bo‘lib o‘tayotgan sammit tufayli O‘zbekiston xalqaro siyosatda muhim davlatga aylanib borayotganini faxr bilan tilga oldi. 

Ma’lumot o‘rnida, SHHT sammiti arafasida Shavkat Mirziyoyev nafaqat Putinni, balki, boshqa davlat va hukumat rahbarlarini  ham kutib olmagan va bu vazifa maxsus protokol asosida Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1466

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing