Nega EIU va FH “Korrupsiyani tiyib turish” bo‘yicha O‘zbekistonga “0” ball qo‘ydi?
Tahlil
−
27 dekabr 2019
11016O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 23 dekabr kuni Prezidentning “Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tuzilgan Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaning yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida o‘tkazilgan. Majlisda O‘zbekistonning turli sohalar bo‘yicha xalqaro reyting va indekslarda egallagan o‘rni tahlil qilingan.
Unga ko‘ra, Economist Intelligence Unit va Freedom House tashkilotlari tomonidan “Korrupsiyani tiyib turish” subindikatori bo‘yicha O‘zbekistonga “0” ball qo‘yilgan. Asosiy sabablar sifatida fuqarolarning turar joylari buzilishi, mansabdorlar tomonidan fuqarolarning huquqlari buzilish holatlari jazosiz qolayotgani, joylarda maishiy korrupsiyaning mavjudligi va sud tizimida qonun ustuvorligining yomonlashuvi ko‘rsatilgan.
Bu sabablar qayerdan kelib chiqdi?
Hududlarda fuqarolarning turar joylari qonun talablariga rioya qilinmay buzib tashlandi. Vaholanki, Konstitutsiyaning 53-moddasida “xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir”, deb yozib qo‘yilgan. Bu haqda fuqarolik kodeksida ham alohida ta’kidlangan.
Bundan tashqari, ayrim hokimliklar tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi 97-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan nizom talablariga ham rioya qilinmadi.
Nizomda belgilanganidek, fuqarolar uyi buzilishidan 6 oy avval ogohlantirish xatlari olmadi, kompensatsiya to‘liq qoplanmadi, ba’zi viloyatlarda baholash tashkilotlari xolis baholash ishlarini olib bormadi, fuqarolar sudma-sud o‘z mulkining qiymatini ololmay yurgan holatlar ham ko‘paydi.
Joriy yilning yoz oylarida Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida noqonuniy “snos” ishlari avj oldi. Bu esa jamoatchilik orasida katta kuchli norozilikka sabab bo‘ldi. Bir necha ijro hokimiyati, parlament vakillari ogohlantirishlariga karamay hokimlar o‘z bilganidan qolmadi. Bu muammo xalqaro maydonlarda ham muhokama qilinishi boshlangach, Prezident mazkur masala doirasida 2 avgust kuni katta yig‘ilish o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati keskin tanqidiy tahlil qilinib, ularga qilgan xatolarini bartaraf etish yuzasidan yil oxirigacha sinov muddati ham berildi. Prezident viloyatlar hokimlari Zafar Ro‘ziyev, Farhod Ermanov hamda Shuhrat Ғаниевга tanbeh berib, xalqdan kechirim so‘rashini talab qildi, mamlakat Bosh vaziri Abdulla Ариповга hamda Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Низомиддиновга qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berishni ko‘rsatma berdi.
“Snos” mojarosi Respublikaning deyarli barcha hududlarini qamrab oldi. Fuqarolarning mulkiy huquqlarini buzgan ayrim amaldorlarga qonuniy jazo belgilanmadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241(11)-moddasi doirasida belgilangan sanksiya ayrim hokimlarga nisbatan tatbiq etilmadi. Prokuratura bu holatni o‘z nazoratiga olmadi.
Uchinchi sabab sifatida ko‘rsatilgan joylarda maishiy korrupsiyaning mavjudligi muammosi o‘zi nimani anglatadi? Korrupsiyaning o‘zi xavflilik darajasi va sub’ektlarga qarab bir necha turga bo‘linadi. Korrupsiyaning harakat turlari ekzogen (tashqi) va endogen (ichki) shakllarga ega. Maishiy korrupsiya ekzogen shaklga ega bo‘lib, u fuqarolarning kundalik hayoti va oilaviy ahvoli bilan bog‘liq bo‘ladi. Maishiy korrupsiya juda xavfli xarakterga ega. Uni har qadamda uchratish mumkin.
Kasal bo‘lasiz, shifokorga borasiz, davolatishga korrupsiya. Bolangiz yetti yoshga kiradi, uni maktabga olib borasiz, qabul qilishda korrupsiya. Notariusga borasiz, rasmiylashtirish ishlariko‘p vaqt olmasligi uchun korrupsiya. YPX xodimi sizni to‘xtatadi, sizni javobgarlikka tortmasligi uchun yana korrupsiya. O‘g‘irlik bo‘ladi, ichki ishlarga borasiz, ular o‘g‘rini topib berishi uchun korrupsiya.
Xullas har yerni korrupsiya egallaydi. Eng qizig‘i davlat tashkilotlarining markaziy apparatlarida o‘tirgan, islohotlar qilayotgan shaxslarning ishi bekorga ketadi. Ya’ni, xalq har qadamda korrupsiya ko‘ravergach, yuqori mansabdorlar haqida ular ham korrupsiyaning tepasida turgandek ko‘rinaveradi. Aslida bu narsa doim ham shunday bo‘lmaydi. Bunday jamiyatda insonlar o‘zi ham korrupsiyaga xayrixoh bo‘lib qoladi. Busiz ish bitmasligiga ishonadi va berayotgan puliga o‘zi ham rozi bo‘lib qoladi. Hajga ketishga navbatga yozilgan oddiy odam esa navbat kutishda davom etadi.
Economist Intelligence Unit va Freedom House tashkilotlari tomonidan “Korrupsiyani tiyib turish” subindikatori bo‘yicha O‘zbekistonga “0” ball qo‘yilganining yana bir sababi sifatida sud tizimida qonun ustuvorligining yomonlashuvi aytilgan.
Sudda qonun ustuvorligining o‘zi nima?
Bu degani ish sudgacha yetib keldimi unda barcha ijtimoiy qatlam boy ham, kambag‘al ham, amaldor ham, oddiy fuqaro ham qonun oldida teng ko‘riladi. Insonlar qonunni o‘zining himoyachisi sifatida ko‘radi. Qilayotgan yoki qilinayotgan ishlarning hosilasini qonunlarga qarab oldindan bashorat qila oladi. Ya’ni, agar men bu qilmishni qilsam 5 yildan 10 yilga qamalaman yoki bo‘lmasa, hokimlik yerimni tortib oldi, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining mana shu Nizomiga amal qilinmadi va men sudda buni isbotlayman. Sudda yutgach, yerimni qaytarib olaman va yetkazilgan zararimni ham sud qoplattirib beradi, degan fikr hammada bo‘ladi.
Bekorga qonun ustuvorligini ta’minlash huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishning oliy mezoni sifatida qaralmaydi. Bekorga yunon faylasufi Arastu ham barchaga teng va majburiy xarakterga ega qonunlar bo‘lmasa, u davlat tanazzulga uchraydi, deb ta’kidlamagan.
Sud tizimida qonun ustuvorligining yomonlashuviga misol sifatida quyi sudlarda hokimlik qarorlari bilan bog‘liq vaziyatlarda tadbirkorlarning yutqazishi va ish Oliy sudga kelibgina adolatli hal etilishini aytish mumkin.
Yaqinda Farg‘ona viloyatida bo‘lgan misol haqida gapirsak, Farg‘ona shahar hokimligi chorak asr avvalgi xususiylashtirish natijalarini bekor qilish uchun “Constant Trade” MCHJni sudga beradi. Xususiylashtirish natijalarini bekor qilishga qarshi normativ-huquqiy hujjatlar bo‘lishiga qaramay Farg‘onada joylashgan birinchi instansiya sudi ham, keyingi instansiya sudi ham hokimlik foydasiga qaror chiqaradi. Yaxshi hamki, Oliy sud bor. Oliy sudga kelibgina ish adolatli hal etiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bekorga Economist Intelligence Unit va Freedom House tashkilotlari “Korrupsiyani tiyib turish” subindikatori bo‘yicha O‘zbekistonga “0” ball qo‘ymagan. Yuqoridagi muammolar rostan ham bizda mavjud. Ular buni chetda kuzatib tahlil qilgan va barcha holatlarni hisobga olgan. Agar davlatda haqiqiy sud islohotlari amalga oshirilmas, jamiyatda xalq vakillaridan tashkil topgan Parlament vakolati kengaymas va qonun barchaga teng bo‘lmas ekan mana shunday xalqaro tashkilotlar indikatorlarida “0” baho olishda davom etaveramiz va tinmay xalqaro maydonlarda investitsiya kiriting deb nomlangan chaqiriqlarimiz javobsiz qolaveradi.
LiveBarchasi