Nazarboyev endi himoyadagi shaxs emasmi? Qozog‘istonda yangi tahrirdagi DXX nizomi qabul qilindi
Olam
−
26 iyul 2023
6628Qozog‘istonda joriy yilning 17 iyulida imzolangan “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahriri qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘zining himoya imtiyozini saqlab qoldi. Bu haqda Qozog‘iston parlamenti Quyi palatasi deputati Marat Bashimovga tayanib, TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi nizomga muvofiq, Nazarboyev Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan himoya qilinishda davom etadi.
“Barcha davlatlarning sobiq prezidentlari himoya bilan ta’minlangan, bu normal holat. Nursulton Nazarboyev sobiq prezident sifatida “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan himoya va boshqa imtiyozlar bilan ta’minlanadi. Bunda gap barcha huquqiy hujjatlarni yangilangan konstitutsiyaga muvofiqlashtirish haqida ketmoqda, elboshilik konstitutsiyaga zid atama”, deydi deputat Bashimov.
Ya’ni, unga ko‘ra, DXX Nazarboyevni himoya qilishda davom etadi, ammo Elboshi sifatida emas, sobiq prezident sifatida. Chunki, mamlakatning yangilangan konstitutsiyasidan “Elboshi” atamasi chiqarib yuborilgan.
Mazkur qonun shu yilning 4 avgustidan boshlab kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilgandi. O‘zgartirishlardan biri mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning maqomi va vakolatlari haqidagi modda olib tashlanishi bo‘ldi. Bundan tashqari, Nazarboyevning millat yetakchisi maqomining o‘zgarmasligi to‘g‘risidagi norma chiqarib tashlandi. Joriy yilning 10 yanvar kuni Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr