Navoiy haykali buzilishi ortidan Do‘stum va qizi “Tolibon”ga tahdid qildi (video)

Olam

image

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida turkiy va fors mamlakatlari tarixida yuksak o‘rin tutgan siyosatchi va shoir Alisher Navoiyga qo‘yilgan yodgorlik haykali buzilishi ortidan asli o‘zbek bo‘lgan Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum bu harakatlarni qoralab chiqdi. Ular bu boradagi fikrlarini o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilgan.

“Mozori Sharif shahrida Afg‘oniston va mintaqa tarixidagi siyosatchi, olim va shoir Amirul Kalom, Amir Alisher Navoiy yodgorligining vayron qilinganini alam va afsus bilan qabul qildim. Mozori Sharifning asoschilaridan, shu bilan birga, bugungi Afg‘onistonning va dunyoning buyuk insonlaridan biri bo‘lgan kishiga bunday munosabat chidab bo‘lmas xo‘rlikdir”, degan Marshal.

Shuningdek, u Alisher Navoiyni siyosati va qalami yuksak inson sifatida baholab, uning yodgorliklarini yo‘q qilishga qaratilgan harakatlarni “aqlsiz va bema’ni ish” deb atagan hamda bundan juda afsusda ekanini bildirgan. 

“Men bu ishni haqoratli va nafaqat Afg‘oniston xalqini, balki butun dunyodagi o‘zbeklarni – turkiylarni ham kamsitishga qaratilgan harakat belgisi deb bilaman. Toliblarning bu kechirib bo‘lmas harakati mening va Hazrat Navoiyning barcha oshiqlarining qalbini qattiq ranjitdi”, deya qo‘shimcha qilgan Do‘stum.

2014 yildan 2020 yilgacha Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti bo‘lgan Do‘stum zudlik bilan yodgorlikni rekonstruksiya qilish kerakligini, aks holda Afg‘oniston xalqi va Navoiyning izdoshlari jim turmasligini va “Tolibon” ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.

“Bu jirkanch xatti-harakatni xalqimiz hech qachon unutmaydi, aybdorlarni kechirmaydi. Dunyo xalqlarining madaniy merosini himoya qilishga mas’ul bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fan va Madaniyat tashkiloti (UNESCO)dan Afg‘onistondagi turk xalqining milliy va xalqaro sha’niga qilingan haqoratlarning javobsiz qolmasligini his etishi uchun imkon qadar tezroq harakat qilishini so‘raymiz”, degan u.

Shundan so‘ng Do‘stumning qizi, sobiq senator Rohila Do‘stum ham holatga munosabat bildirib, Navoiy haykalining buzilishini “Tolibon”ning mamlakat madaniy merosiga dushmanligi ramzi, hamda Afg‘onistondagi xalqlarning umumiy o‘zligiga xurmasizlik deb baholagan va xalqaro hamjamiyatni “Tolibon” harakatiga qarshi munosabat bildirishga chaqirgan. Shuningdek, u bu harakatni yirik shaxsiyatlarga haqorat, xalqlarning umumiy o‘zligiga hurmatsizlik va madaniy, tarixiy hamda badiiy qadriyatlarga bepisandlik deb ta’rifladi.

“Amir Alisher Navoiy haykalining “Tolibon” tomonidan buzilishi jirkanch va madaniyatga qarshi qadam bo‘lib, bu harakat guruhning mintaqa  tarixiy va sivilizatsiya merosiga dushmanligini ko‘rsatadi. Bunday harakatlar faqatgina jamoatchilikning “Tolibon”ga nisbatan nafratini kuchaytiradi. Madaniyat ahli bu ishni qoralashi va insoniyat merosini saqlash uchun amaliy chora ko‘rishi kerak”, degan u.

Qayd etish joizki, avvalroq Do‘stum Afg‘onistonni amalda boshqarayotgan “Tolibon” guruhini mamlakatni tark etishga chaqirib, aks holda 2001 yil dekabr oyida unga sodiq kuchlar tomonidan o‘ldirilgan 2000 nafargacha “Tolibon” askarining taqdiri yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning fevral oyida Alisher Navoiyning Mozori Sharifdagi ushbu haykaliga qisman zarar yetkazilgan edi, o‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov holatga munosabat bildirib, bu ishni “vandalizm” deb atagan. Kuni kecha bu haykal butunlay qo‘porib tashlandi, “Tolibon” O‘zbekistonga bu holatni yodgorlik o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi bilan oqladi va tez orada haykal qayta qurilishiga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston “Tolibon” Marshal Abdulrashid Do'stum Rohila Do'stum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing